O’zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining huquqiy va ijtimoiy muhofazasi kuchaytirilishi kerak

06.08.2020, 11:36

O’zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining huquqiy va ijtimoiy muhofazasi kuchaytirilishi kerak

“O’zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini har tomonlama yaxshilash – to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiyani amalga oshirishning asosiy yo‘lidir. Biz jamoat boshqaruvida mahalla faoliyati ahamiyati va samaradorligini oshirish, uni xalqqa amaliy yordam ko‘rsatuvchi mustaqil, kuchli va ta’sirchan fuqarolik institutiga aylantirish tarafdorimiz”. Bu g‘oya O'zLiDePning saylovoldi dasturi (platformasi)da e’lon qilingan edi.

Bugungi shiddatli islohotlar davrida mahallaning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolar yig‘inlari ishini tashkil etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun normalarining samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy qilishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Buning uchun esa, mazkur tizimning huquqiy asosi hisoblangan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishga ehtiyoj sezilmoqda.

Ayni paytda parlament quyi palatasida yangi tahrirdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan ishchi guruhi tuzilib, uni takomillashtirish bo‘yicha qizg‘in ish olib borilmoqda.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi amaldagi qonun 33 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi qonun loyihasining 71 moddadan iborat ekanligining o‘zi amaldagi qonun normalarida to‘liq qamrab olinmagan fuqarolar yig‘inlari faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga alohida e’tibor qaratilganligidan dalolat beradi.

Xususan, qonun loyihasida alohida bobda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda xodimlarining huquqiy va ijtimoiy muhofazasi, faoliyatining kafolatlari belgilanmoqda. Bu qonun loyihasidagi juda katta muhim o‘zgarish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jumladan, qonun loyihasining 51-moddasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlanmoqda, ya’ni ular faoliyatiga asossiz aralashish, ularga taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash yoki bajarishga majburlash; ularni vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish mumkin emasligi; ularning qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan vazifa, buyruq, farmoyish yoki boshqa topshiriqlarni bajarishni rad etish huquqiga ega ekanligi; ulardan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ma’lumotnoma, tahliliy material va statistik ma’lumotlarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ma’lumot va materiallarni taqdim etilishini talab qilish hamda Fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish ta’qiqlanishi; Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari o‘ziga nisbatan qabul qilingan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga, prokurorga yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.

Shuningdek, endilikda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, fuqarolar yig‘ini qarorini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaganlik hamda fuqarolar yig‘ini raisi va xodimlari faoliyatining kafolatlarini buzganlik qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasining 52-moddasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga e’tibor qaratilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasi ularning sog‘lig‘ini saqlash, vazifalarini vijdonan bajargan va ijobiy natijalarga erishgan xodimlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, shu jumladan davlat mukofotlariga tavsiya etish orqali ta’minlanadi.

Yana bir muhim jihat - qonun loyihasining 9-moddasida Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun fuqarolar yig‘inlari geografik joylashuvi va aholisi soni bo‘yicha toifalarga ajratilgan. Jumladan, Fuqarolar yig‘inlari geografik joylashuvi bo‘yicha shaharda, tuman markazida, tuman markazigacha 30 km bo‘lgan masofada, tuman markazidan 30 km va undan olis masofada, tog‘li va cho‘l hududida, chegara (yoki anklav) hududda joylashgan fuqarolar yig‘inlariga bo‘lingan bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha 1000 nafargacha, 1001-2000 nafargacha, 2001-4000 nafargacha, 4001-6000 nafargacha, 6001-8000 nafargacha va 8000 nafardan ziyod aholisi bo‘lgan fuqarolar yig‘inlariga bo‘linishi belgilanmoqda.

Masalaning bu jihatga nima uchun e’tibor qaratmoqdaman? Chunki masalaning bu jihati qonun loyihasining 54-moddasida keltirilgan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mehnat munosabatlari bilan muvofiqlashtirilishi zarur, deb hisoblayman. Sababi - Fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, mahalliy budjetlardan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini moliyalashtirish xarajatlari tegishli tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan amalga oshirilar ekan, Fuqarolar yig‘ini xodimlari mehnatiga lavozim maoshi shaklida haq to‘langanda va ular mehnatiga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari, mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar, yillik mehnat ta’tillari qonun hujjatlarida belgilanayotganda fuqarolar yig‘inlarining geografik joylashuvi va aholisi soni bo‘yicha toifalar albatta inobatga olinishi kerak.

Yuqoridagilar asosidagina jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlovchi mazkur tizimning o‘zida avvalo ijtimoiy adolat ta’minlanadi va o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasi kuchayadi.

 Zafar XUDAYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va

axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+