Qishloq xo‘jaligidagi yangilanayotgan islohotlar

12.08.2020, 15:10

Qishloq xo‘jaligidagi yangilanayotgan islohotlar

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to‘kin, xalqimiz rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishidan tortib, eksportdan qo‘shimcha daromad topishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar shu yo‘nalish rivojiga bog‘liq.

Lekin uzoq yillar davomida agrar sohaga yetarlicha e’tibor berilmadi. Na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik bor edi. Mablag‘, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmadi. Oqibatda yerlar “charchab”, unumdorlik pasayib ketdi. Mahsulotni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat olish bo‘yicha tizim yaratilmadi.

So‘nggi yillarda respublikada dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlari yanada ko‘paytirildi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan Jahon banki ishtirokida o‘tkazilgan Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor ham aynan shu mavzularga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, loyihalarni ishlab chiqishda fanni rivojlantirishga, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, jalb qilinayotgan mablag‘ning 87 million dollari qishloq xo‘jaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi.

Shuningdek, 70 million dollar ko‘chatlar yetkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etilishi, bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga yerlarning hosildorligi, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida ham ma’lumotlar olish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish, qishloqda bozor prinsiplari va munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini bozor shart-sharoitlari va talablariga jadal moslashtirish albatta tadbirkorlik, dehqonchilik va savdo-sotiq rivoji uchun munosib xizmat qiladi.

Yerni xususiylashtirish zamon talabi bo‘lgan O’zbekiston qishloq xo‘jaligini bozor munosabatlariga o‘tkazishning eng avvalgi va eng muhim bosqichidir. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarish - yuqori hosildorlik va yuqori sifatli mahsulotlar yetishtirish bu sohada bozor munosabatlarini tiklamasdan amalga oshirish imkonsiz. Bozor munosabatlari esa, qachonki ishlab chiqaruvchi, ya’ni dehqon o‘z mehnat faoliyatida erkin va u qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish vositalarining eng muhimi bo‘lgan Yerning va ishlab chiqarilgan mahsulotning haqiqiy mulkdori bo‘lsagina rivojlanadi.

Prezidentimiz ajratilayotgan har bir dollarni uch dollarga aylantirish, imtiyozli kreditlarni qaytarish bo‘yicha aniq hisob-kitob asosida ishlash zarurligini ta’kidladi. Darhaqiqat, bugungi kunda har bir tadbirkor sarflagan dastmoyasidan mo‘may daromad olishi, biznesini rivojlantirishi uchun qancha mashaqqat va qiyinchiliklarga qaramay harakat va izlanishdan to‘xtamasligi lozim.

Intensiv bog‘ maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar yo‘naltirish belgilangan. Xususan, buning hisobidan Toshkent viloyatida 500 gektar, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona va Samarqandda 300 gektardan, Jizzaxda 250 gektar, Qashqadaryo hamda Surxondaryoda 200 gektardan, Qoraqalpog‘istonda 100 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bog‘lar yaratilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagi islohotlarni amalga oshirish qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy ahvolini mustahkamlash, yerlardan samarali foydalanishni rag‘batlantirish, shu jumladan meva-sabzavot va yem-xashak ekinlarini ko‘paytirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining umumiy hajmini hamda agrar sektorning eksport salohiyatini oshirishga imkon beradi.

Mulkiy munosabatlar yangicha shakllanga muhitda o‘zining xususiy yerida hosilini kutayotgan o‘zbek dehqoniga, xususiy korxonasida buyurtmalarga mahsulotini o‘z vaqtida ishlab chiqarib berishga shoshilayotgan o‘zbek tadbirkoriga, chet elda sotishga molini xususiy omborlarida to‘plab, shaylayotgan o‘zbek tojiriga "O’z Yeringni, o‘z mulkingni, o‘z uyingni o‘zing asra!" deb xitob qilinishi juda mos va o‘rinli bo‘ladi.

Anvar ABDULHAYEV,

Xalq deputatlari Namangan

viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    71
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+