Fraksiya munosabati: Vazifalar ijrosini ta’minlashda fraksiyamiz a’zolarining ishtiroki muhim

14.08.2020, 14:31

Fraksiya munosabati: Vazifalar ijrosini ta’minlashda fraksiyamiz a’zolarining ishtiroki muhim

Oxirgi bir oyda aholi o‘rtasida virus tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida mamlakatimiz bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 59 foizdan 77 foizga yetdi. Virus yuqtirganlar soni 32 mingdan oshgan bo‘lsa-da, ularning 25 mingdan ziyodi sog‘aydi.

Endilikda bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash, aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish lozim.

Kuni kecha hududlarda sanoatni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi avvalida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Ushbu murojaat parlament quyi palatasidagi bizning partiyamiz fraksiyasi a’zolarini, shuningdek, O‘zLiDeP elektorati bo‘lgan yuz minglab tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar va tomorqachilar, partiyamiz a’zolariga, aytish mumkinki, juda katta ruhiy dalda, ko‘mak bo‘ldi.

Negaki, mazkur yig‘ilishda joriy yil 15 avgustdan boshlab avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berildi. Shu bilan birga, sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati ham tiklanadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, odamlarning daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalar jalb qilish sanoat rivoji bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli joylarda tadbirkor va fermerlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlar davomida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilayotgan vazifalar ahamiyatini ularga tushuntiryapmiz, biznes tuzilmalarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumotlar beryapmiz.

Videoselektor yig‘ilishida yurtimizda karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, lekin barcha fuqarolarimiz ijtimoiy masofani saqlab, niqob taqib, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilgan holda temir intizom, sabr-toqat bilan bu sinovlarni yengib o‘tish kerakligi ta’kidlandiki, bu biz deputatlarga, umuman, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad bitta – ish o‘rinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishdir. Shu bois vazifalar ijrosini ta’minlashda fraksiyasimiz a’zolarining ishtiroki juda muhimdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    160
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+