Kambag‘al va ishsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatish tizimi joriy etiladi

12.08.2020, 09:15

Kambag‘al va ishsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatish tizimi joriy etiladi

O’zbekiston prezidentining «Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qarordan asosiy maqsad — Kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishning yangi tizimini joriy qilish, ularni kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish jarayonlarini tashkil etish, ehtiyojmand aholi va nogironlar ish bilan bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha choralarni amalga oshirish hisoblanadi.

Qaror bilan:

  • kambag‘al va ishsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatish hamda ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi, aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi tasdiqlandi;
  • Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlarini o‘qitish choralari belgilandi.
  • Qaror orqali Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini joriy etish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy xarajatlar ajratildi hamda ularning manbalari, yo‘nalishlari va ko‘lamlari belgilandi.

Qarorda ko‘zda tutilgan Kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish tizimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «Ishga marhamat» monomarkazlarini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkentda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini, Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarini, nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini o‘z ichiga oladi.

Hujjat orqali aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishga, nodavlat sektori imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun davlat yordamini berish mexanizmi joriy qilinadi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etish uchun Vazirlikning «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining binolari, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyasiga ko‘ra boshqa bo‘sh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativboshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi;

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalariga o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi; kasb-hunarga o‘qitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda — mazkur markazlarning o‘quv jihozlari va anjomlaridan imtiyozli foydalanish imkoni yaratiladi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan o‘qitish, bunda davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasi dan foydalanish belgilangan.

Qarorga muvofiq «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini xalqaro WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi. Monomarkazlar va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.

Ushbu loyihalar ijrosini ta’minlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek mazkur qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan «Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi» bo‘yicha nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari o‘rtasida ochiq tanlov o‘tkaziladi.

Qaror bilan «Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi» tanlovi g‘oliblarining loyihalarini rag‘batlantirish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Bu muhim tadbirlarni amalga oshirish natijasida har yili 60 ming nafarga yaqin ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini mehnat boorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitish imkoniyati yuzaga keladi, 25 mingdan ziyod nogironligi bo‘lganlarning bandligi ta’minlanadi.

Respublika ishchi guruhi davlat va nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari samarali faoliyat yuritishini hamda sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilishini tashkillashtiradi, shuningdek ushbu maqsadda ajratilayotgan mablag‘larning manzilli sarflanishini ta’minlaydi.

Qaror bilan tasdiqlangan Aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi esa aholi bandligiga ko‘maklashish sohasida xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga
va bu borada normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga, bandlik sohasida uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga hamda yaratilgan ish o‘rinlari va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha axborot almashinuvini tashkil etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 800 mingdan ortiq fuqaro va ish beruvchilarga bandlik va mehnat sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, shu jumladan 410 ming ayollar va 300 ming yoshlarning bandligi ta’minlanadi.

  • Ko'rildi
    213
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+