Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

14.10.2020, 12:04

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Soʻnggi yillarda aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida jami 13 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilib, 600 mingdan ziyod oilalarni qamrab olishga erishildi.

Mazkur dasturlar hududlarda aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi, uning turmush tarzini yaxshilash va ish bilan bandligini oshirish uchun turtki boʻlib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, orttirilgan tajriba hamda xalqaro amaliyot kompleks va oʻzaro bir-birini toʻldiruvchi kredit olish imkoniyatidan iborat boʻlgan yaxlit tizimni shakllantirishni taqozo etmoqda.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:

1. Aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi asosiy yoʻnalishlari amaliyotga joriy etilsin:

aholining tadbirkorlik bilan shugʻullanishga qiziqishi va manfaatdorligini oshirish;

aholida tadbirkorlik sohasida zaruriy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻqitish tizimini joriy etish, mazkur jarayonga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qilish;

tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mikrokreditlash tizimini institutsional jihatdan takomillashtirish va rivojlantirish;

aholi tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga oid ijtimoiy dasturlarni iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uygʻun va muvofiqlashtirilgan holda ishlab chiqish;

tadbirkorlik koʻnikmasi va tajribasiga ega boʻlgan aholini va boshqa kichik biznes vakillari salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali ular faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan toʻlaqonli tizimni yaratish;

tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish va yagona davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilishini va muvofiqlashtirib borilishini yoʻlga qoʻyish.

2. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va barcha boʻgʻindagi hokimliklar hududlarda aholining tadbirkorlikka qiziqishini va manfaatdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni oʻzlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilasin.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etgan holda aholining tadbirkorlikka qiziqishi, turmush darajasini yaxshilashga intilishi va manfaatdorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan motivatsion chora-tadbirlar dasturlarining tasdiqlanishini taʼminlasin. Bunda muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar va tajribali biznes vakillarini jalb qilishga eʼtibor qaratilsin.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mazkur bandda keltirilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokini taʼminlasin.

Yoshlar ishlari agentligi aholiga oʻzining turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shugʻullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlarini oʻrgatishga qaratilgan “kouching” video materiallar va darsliklar, motivatsion roliklar tayyorlash uchun tanlov asosida ijtimoiy buyurtmalar joylashtirsin.

3. 2020-yil 15-noyabrdan boshlab yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan maʼqullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;

kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini (keyingi oʻrinlarda – maxsus sertifikat) olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq mikrokredit ajratiladi.

4. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan birgalikda:

2020-yil 15-noyabrdan boshlab aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirib borsin va uning oshkoraligini taʼminlasin;

2022-yil 1-yanvardan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar, shu jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tadbirkorlikka oʻqitish dasturlari va tizimi asosida Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimini ishga tushirsin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra “Mikrokreditbank” ATB tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan:

tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi;

mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Bunda mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.

6. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni moliyaviy manba bilan taʼminlash maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratsin. Ushbu mablagʻlarning:

9 million AQSH dollari ekvivalenti Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga mazkur qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun begʻaraz asosda;

1 million AQSH dollari ekvivalenti Yoshlar ishlari agentligiga mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun begʻaraz asosda;

90 million AQSH dollari ekvivalenti maxsus sertifikatni olgan yoshlarga (jami 45 million dollar) va xotin-qizlarga (jami 45 million dollar) kreditlar ajratish uchun “Mikrokreditbank” ATBga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past foiz stavkasida yoʻnaltirilsin.

“Mikrokreditbank” ATB ushbu mablagʻlarni mazkur qarorning 5-bandida koʻrsatilgan yangicha tartibda mikrokreditlash maqsadlariga yoʻnaltirsin.

7. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida davlat maqsadli resurslari hisobidan kreditlar “Mikrokreditbank” ATB tomonidan tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha tegishli oʻquv kurslarini tamomlagan shaxslarga yagona mikrokreditlash dasturi asosida ajratiladi.

8. “Mikrokreditbank” ATB:

2021-yil davomida respublikaning barcha tuman va shaharlarida, shu jumladan, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatini yaratuvchi bank infratuzilmalari tarmoqlarini tashkil etsin;

oʻzi operatorlik vazifasini bajaruvchi Mikromoliyalash milliy tizimini yaratish va unda boshqa kredit tashkilotlarining manfaatdorlik asosida ishtirok etishini taʼminlovchi tizim joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;

bankning quyi boʻgʻin xodimlarini toʻliq qayta tayyorlash va mijozga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatish tizimini joriy qilsin. Bunda sohada muvaffaqiyatga erishgan va xalqaro tan olingan xorijiy moliya institutlarida xodimlarning malaka oshirishi va tajriba almashishini tashkillashtirsin;

maxsus sertifikat olgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashish maqsadida mikrokreditlash dasturlarida ishtirok etayotgan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan oʻzaro elektron axborot almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻysin.

Moliya vazirligi “Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi tarkibiga ijtimoiy yoʻnaltirilgan mikrokreditlash sohasida yetarli tajribaga ega boʻlgan xorijiy malakali mutaxassislarning jalb qilinishini taʼminlasin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “Mikrokreditbank” ATBning aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha yangi biznes modelini ishlab chiqsin va unda quyidagilarga eʼtibor qaratsin:

mikrokredit olib keyinchalik barqaror tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan va ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirgan yoki kambagʻallik roʻyxatidan chiqqan mijozlar soni va ulushi oshib borishini bank faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlaridan (KPI) biri sifatida belgilash;

mikrokreditlash dasturlari doirasida kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish hamda mikrokreditlash maqsadlarida aholini moliyaviy savodxonlik oʻqitishni tashkil etish;

mikrokredit olgan tadbirkorlar faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va koʻmak berish institutini shakllantirish;

bank mijozlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bozorlarni kengaytirishda koʻmaklashish.

10. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mazkur qarorda aholini tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keltirilgan mexanizmlar, xususan, ularni oʻqitish, mikrokredit ajratish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilansin. Bunda Agentlik:

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda aholi va tadbirkorlarni tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha ishlarni tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va bu borada yagona tizimni shakllantiradi;

“Mikrokreditbank” ATB bilan birgalikda tadbirkorlik boʻyicha oʻquv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qilib borishning yagona “raqamli” tizimi joriy etilishini taʼminlaydi;

doimiy monitoring va tahlillar asosida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishni (yiriklashtirishni) ragʻbatlantiruvchi moliyaviy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini takomillashtirish va yangilarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritib boradi;

iqtisodiyotning tarmoq va sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar bilan oʻzaro muvofiqligi va toʻldiruvchanligini taʼminlash vazifalaridan kelib chiqib barcha turdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va mexanizmlari ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi.

11. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirish hamda ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

nodavlat kasb-hunar taʼlimi tashkilotlari va mutasaddi idoralar oʻrtasida oʻquvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish, maxsus sertifikatga ega bitiruvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish imkoniyatini beruvchi idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish;

nodavlat kasb-hunar taʼlimi tashkilotlari faoliyatini eng asosiy mezon sifatida ularning natijadorligi, shu jumladan, maxsus sertifikat olgan bitiruvchilarning tadbirkorlik va kasb-hunar boʻyicha faoliyatini boshlaganligidan kelib chiqqan holda baholab borish;

kompensatsiya taqdim etishda oshkoralik va haqqoniylikni taʼminlash, mazkur jarayonda turli xil suiisteʼmolliklar qilinishining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini yaratish.

 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-iyuldagi PQ–4782-son qaroriga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan
2 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlar va xotin-qizlarni kichik tadbirkorlikka jalb qilish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

 

13. Belgilansinki, mazkur mablagʻlar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi resurs bazasini oshirishga yoʻnaltiriladi va eksperiment tariqasida keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagicha tartibda foydalaniladi:

nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz mablagʻlari ajratiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablagʻlarini ajratish uchun tanlovni oʻtkazish hamda ular bilan ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida shartnomalarni tuzish Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;

nodavlat notijorat tashkilotlari oʻzlariga ajratilgan qarzning bir qismini mikrokredit tashkilotlariga shartnoma asosida resurs sifatida joylashtiradi;

nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablagʻlarini ajratish uchun tanlov shartlari va baholash mezonlari Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va mustaqil ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda oʻquv kurslari bilan qamrab olinadigan hudud va aholi soni, mikroqarz foiz stavkasi, oʻquv dasturlari sifati kabi asosiy mezonlarga asosan takliflarni baholashni nazarda tutadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bir oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari orasida mazkur mablagʻlar hisobidan qarz ajratish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qilsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ajratiladigan mablagʻlarning samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan monitoring oʻrnatsin.

14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlariga mazkur qarorning 13-bandiga muvofiq taqdim etiladigan qarz mablagʻlari hisobidan mikroqarzlar mikrokredit tashkilotlari tomonidan keng aholi qatlamlariga, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga quyidagi shartlarda ajratiladi:

qarz oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy savodxonliklarini oshirish, kasbiy va tadbirkorlik koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan dasturlari talablariga mos kelishi lozim;

mikroqarzlar tadbirkorlik va daromad olishga qaratilgan maqsadlar uchun bir qarz oluvchiga 25 million soʻmdan oshmagan miqdorda ajratilishi lozim;

mikrokredit tashkilotlari qarz oluvchi tomonidan shartnomaga muvofiq majburiyatlar bajarilishini taʼminlash shartisiz, shu jumladan, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydigan guruh kafilligi asosida mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishga haqli.

15. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda olinadigan davlat boji mablagʻlarining 20 foizi Savdo-sanoat palatasiga yoʻnaltiriladi;

davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning Savdo-sanoat palatasiga yoʻnaltiriladigan qismi 3 foizdan 5 foizgacha (Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan qismini kamaytirish hisobidan) oshiriladi.

16. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha vakolatli ofislari ochilsin va ularning namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda ikki hafta muddatda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining va Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining nizomlarini tasdiqlasin.

17. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Markaziy bank raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 13-oktabr

  • Ko'rildi
    170
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+