O‘zLiDeP deputatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga oid takliflarni muhokama qilishdi
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati Bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Lutfillo Boltaboyevning axboroti eshitilib, mahsulotlar zaxirasini shakllantirish, arzonlashtirilgan yarmarkalarni kengaytirish va logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishning ikkinchi masalasi Namangan viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirishga bag‘ishlandi. Namangan viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Abdullayev tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi. Muhokamalar davomida xalqaro sertifikatga ega gidlar tayyorlash, xorijiy tillarni o‘qitish, turistlar xavfsizligini ta’minlash, inklyuziv infratuzilmani rivojlantirish hamda valyuta ayirboshlash xizmatlarini yanada shaffoflashtirish bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar va deputatlik nazorati doirasida amaliy tavsiyalar berildi. Ta’kidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va turizm infratuzilmasini izchil rivojlantirish aholi farovonligini yuksaltirish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda hududning investision va turistik jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.