Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 18-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tarixiy natijalar va yangi xalqchil tashabbuslar

17.09.2025
49

Namangan shahrida 17 sentyabr kuni “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi boshlandi. Anjumanning ochilishida Prezidentimiz ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ushbu tadbirda men ham qatnashdim.

Davlatimiz rahbari dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida global iqtisodiy o‘sish sekinlashgani, oqibatda kambag‘al aholi soni oshganiga e’tibor qaratdi. Ammo shunday murakkab davrda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasini 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

O‘tgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sdi. Joriy yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi kutilmoqda. Yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi.

Avvalo, manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Pandemiya davrida bepul dori-darmon, ijtimoiy nafaqalar uchun jami 8 milliard dollarlik mablag‘ va imtiyozlar berildi. Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan ajratib berildi. Bu 800 ming insonning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari ushbu islohotlarni kelgusi yillarda ham izchil davom ettirish borasida yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tashabbuslar doirasida avvalo kambag‘al oila farzandlarini maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olish, xorijiy til va kasb-hunar o‘rganish xarajatlarining katta qismini qoplash ko‘zda tutilmoqda. Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil qilinib, ularning bitiruvchilariga xorijda e’tirof etiladigan sertifikatlar beriladi. Xotin-qizlar uchun foizsiz kredit, magistraturada bepul ta’lim, “Raqamli avlod qizlari” dasturi orqali IT sohasiga 50 ming qiz jalb etilishi belgilangan.

Shu bilan birga, kambag‘al oilalarni tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish, bepul dori va kafolatlangan xizmatlar paketini taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” markazlari orqali aholiga yuzdan ortiq xizmat ko‘rsatiladi. Mintaqalarda infratuzilmani yaxshilash uchun milliardlab dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yo‘l, suv va bog‘cha qurilishi, ish o‘rinlari yaratilishiga e’tibor qaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, oxirgi sakkiz yilda mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va bu kelgusi yillarda ham izchil davom ettiriladi. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratmoqda. Bu esa odamlarimizning davlatdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.

Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?