O‘zLiDeP fraksiyasi: qonun loyihasi investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihada ko‘zda tutilgan soliq ma’murchiligini soddalashtirish, xususan chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimining joriy qilinishi ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida olgan daromadlarini soliqdan ozod qilish imkonini beradi. Bu esa, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihada sanoat korxonalarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda ikki baravar kamaytirilib, amaldagi 12 foizdan 6 foizga tushirilishi milliy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni dual ta’lim orqali tayyorlashni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
— Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, xorijiy mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratishga, mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi, — deydi Ma’rufjon Rahmonov.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga davlat sirlarini saqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasiga muvofiq, axborotlashtirish va muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini attestatsiyadan o‘tkazish, kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘llaniladigan apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarni sertifikatlashtirish, davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berish tartibi huquqiy jihatdan aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Fraksiya a’zolarining fikricha, mazkur o‘zgartishlar axborot xavfsizligini kuchaytirishga, kibertahdidlarning oldini olishga hamda raqamli infratuzilmaning ishonchli va barqaror faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.