Xalqimiz farovonligini taʼminlashning eng samarali yoʻli bu – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash

15.10.2020, 11:02

Xalqimiz farovonligini taʼminlashning eng samarali yoʻli bu – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash

Bugun Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar “Tadbirkor boy boʻlsa, xalq ham, davlat ham boy boʻladi” degan shior ostida tashkil etilmoqda. Zero, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Agar odamlarning tadbirkor boʻlishga intilishiga amaliy yordam berilsa, bunyodkorlik yana-da keng quloch yozadi. Bu bilan minglab oilalarga baraka kiradi, yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Demak, tadbirkorga sharoit yaratib, odamlarni ishbilarmon qilish hozirgi paytda hayotiy zaruratdir.

Soʻnggi yillarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” dasturlari hududlarda aholining turmush tarzini yaxshilash va ish bilan bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Lekin bugungi zamonning talabi oʻzgacha, sharoitlar boshqacha. Aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash masalasini hal etishni har bir oilaning tadbirkorlik resurslaridan foydalanmay turib bajarish mushkul. Biznesni boshlash uchun albatta, bilim, tajriba va katta sarmoya kerak. Agar bu borada mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, yoshlar va ayollarda kasbiy koʻnikmalar shakllantirilsa va ular moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlansa koʻplab ijtimoiy muammolar hal boʻladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 13-oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda navbatdagi qadam boʻldi.

Unga muvofiq, 2020-yil 15-noyabrdan boshlab yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning tartibi amalga kiritiladi. Xususan, Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Agentlik Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan birga aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirib boradi va uning oshkoraligini taʼminlaydi. 2022-yil 1-yanvardan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tadbirkorlikka oʻqitish dasturlari va tizimi asosida Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimini ishga tushiradi.

Qaror bilan «Mikrokreditbank» ATB tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi. Bu esa yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishiga asosdir. Inchunun, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashning eng samarali yoʻli bu – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash ekanini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.

Qarorda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni moliyaviy manba bilan taʼminlash maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratishi koʻzda tutilgan. Ushbu mablagʻlar aholini kasb-hunarga oʻqitishga, oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik taraqqiyoti uchun yaxlit tizim shakllantirildi va barcha yoshlar undan birdek foydalanish imkoniyatiga egadir. Zero, Prezidentimiz qarori bilan xalqimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun katta imtiyozlar berilayotir.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    114
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+