Xivada aholi muammolariga joyida yechim topildi
Xorazm viloyatining Xiva shahrida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida sayyor qabul tashkil etildi. Unda 200 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etib, 74 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning yarmidan ortig‘i joyida hal etilgan bo‘lsa, 31 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish va amaliy maslahatlar berildi.
Sayyor qabul davomida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 5 nafar ehtiyojmand oilaga maishiy texnika vositalari topshirildi. Jumladan, “Qiyot” mahallasida yashovchi Mohira Allaberganovaga tikuv mashinasi berildi va bu uning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Tadbirda xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va kasb-hunarga o‘rgatish masalalari ham muhokama qilindi. Bunday sayyor qabullar aholi muammolarini joyida hal etish, inson qadrini ulug‘lash hamda xalq bilan muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.