Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 06-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Fermer va dehqonlarning qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi sohaning shaffof ishlashiga turtki beradi

05.09.2025
86

Fermer va dehqon xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotganda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada qo‘llanadi, ya’ni kelgusi yil 1 yanvardan boshlab mazkur soliqni to‘lashdan ozod bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda mazkur taklifni ma’qullab, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdilar.

Mazkur tashabbus davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va dehqonlar uchun berilayotgan katta imkoniyat, amaliy qo‘llab-quvvatlashdir.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda bu soha tarkibiy jihatdan isloh qilinib, samaradorlikni oshirish choralari ko‘rildi. Paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etildi. 1 milliard dollarlik 1 ming 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lib qolayotganini ta’kidlab, yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmayotganini keskin tanqid qildi.

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan bu yengillik soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga mustahkam zamin yaratadi. Bu esa O‘zLiDePning qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan vazifalari ijrosiga xizmat qiladi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?