O‘qituvchilar farzandlariga shartnoma pulidan 30 foiz chegirma beriladi
Kuni-kecha davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi. Muloqot davomida o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini qadrlashga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi. Davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi. O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Shuningdek, kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi. Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbuslar ta’lim sifatini oshirishga, pedagoglar mehnatini munosib rag‘batlantirishga, ularning ijtimoiy himoyasi va moddiy manfaatdorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur tashabbuslar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan maqsad vazifalar ijrosi uchun ham g‘oyat muhimdir. Zotan, partiyamiz keyingi besh yillikda o‘qituvchilarning mehnatini qadrlash, ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish tarafdori. Muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar ana maqsad ro‘yobiga xizmat qiladi.