“XALQ BILAN BIRGA” UMUMMILLIY DASTURI LOGOTIPINING
MAZMUN VA MOHIYATI
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) tashabbusi bilan jamiyatning eng faol qatlami bo‘lgan tadbirkorlar hamkorligida ishlab chiqilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni har bir fuqaroga yetkazish, joylarda ko‘tarilayotgan muammolarga amaliy yechim topish hamda partiyaga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashni maqsad qiladi.
Dastur doirasida 50 mingdan ortiq tadbirkorlar jalb etilib,
1,5 milliondan ziyod fuqarolar qamrab olinadi. Bu, Prezidentning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida belgilab bergan asosiy vazifa – inson qadrini yuksaltirish va Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas islohotlarni davom ettirish tamoyiliga to‘liq mos keladi.
Shu dastur doirasida yaratilgan logotip uning asosiy g‘oya va mazmunini vizual shaklda ifodalaydi.
- Asosiy g‘oya — xalq bilan hamjihatlik
Logotipning markaziy g‘oyasi — xalq va davlatning birdamligini, islohotlarni amalga oshirishda har bir fuqaroning faol ishtirokini ifoda etadi. “Xalq bilan birga” shiori orqali partiya davlatning xalq bilan bir safda, hamnafas ekanligini namoyon etadi.
- Ramziy belgilar va xeshteg
Markazdagi xeshteg — hamkorlik, ochiq muloqot va ishonchni namoyon etadi. Yuqorida joylashgan O‘zLiDeP logotipi mazkur dasturning tashabbuskori ekanligini ifoda etadi. Logotip partiyaning xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lishini, fuqarolarning fikrini eshitish va muammolarni birgalikda hal etishga intilishini ko‘rsatadi.
- Rang va yozuvlar ma’nosi
Logotipdagi qo‘llanilgan rang — ko‘k tinchlik, ishonch, barqarorlik va mas’uliyat ramzidir.
- Yozuv uslubi va tipografiya
“#XalqBilanBirga” yozuvi loyihaning ochiqligi va partiyaning insonlarga yaqinligini ifoda etadi. Bu yozuv uslubi 2023 yilgi Prezident saylovida ham qo‘llanilgan bo‘lib, jamiyatda ijobiy fikr va ishonch uyg‘otgan. Shu sababli, ushbu yozuvni qo‘llagan holda loyihada yanada insonlarga yaqinlikni ta’minlaymiz.
- Umumiy ma’naviy mazmun
Bu logotip nafaqat partiya tashabbusini, balki xalqning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashini ham aks ettiradi. U jamiyatda fuqarolik javobgarligi, ochiq muloqot va birdamlik tamoyillarini mustahkamlaydi.
“Xalq bilan birga” logotipi – bu ramz emas, balki milliy hamjihatlik, jamoaviy mas’uliyat va yangi siyosiy madaniyat belgisidir. U mamlakat taraqqiyoti yo‘lida “Xalq uchun, xalq bilan birga!” g‘oyasini yorqin ifoda etadi.