Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda “Ishbilarmon ayol–2026” tanlovi Zarafshon shahar bosqichi g‘olibiga qo‘shimcha bino ajratildi
Zarafshon shahrida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, unda 100 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Muloqotda tadbirkorlikni kengaytirish, kredit mablag‘laridan foydalanish, kadastr va qo‘shimcha ish joylari bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Jami 20 dan ortiq murojaat qabul qilindi.
Murojaatlarning aksariyati bank rahbarlari, mas’ul tashkilotlar va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida tadbirning o‘zida ko‘rib chiqildi. Eng muhimi, qariyb barcha murojaatlar joyida amaliy yechim topib, tadbirkorlarning faoliyatini rivojlantirishi uchun zarur choralar belgilandi.
Uchrashuvda “Ishbilarmon ayol–2026” tanlovining Zarafshon shahar bosqichi g‘olibi Gulniso Inotulayevaning qo‘shimcha bino va joy ajratish bo‘yicha murojaati ham ijobiy hal etildi. Unga 6 oy imtiyozli davr bilan qo‘shimcha joy ajratilishi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu kabi ochiq muloqotlar tadbirkorlar muammolarini bevosita o‘rganish va ularga tezkor yechim topishga xizmat qilmoqda.