200 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol Jizzax shahrida eng faol deb topildi
Jizzax shahrida «Mahallaning ishbilarmon ayoli» loyihasining shahar bosqichi o‘tkazildi. Unda tadbirkor xotin-qizlar o‘z mahsulotlari va amalga oshirayotgan loyihalarini namoyish etib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.
Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni «Zargarlik» mahallasi vakili, 20 yillik tajribaga ega tadbirkor Nazira Muhiddinova egalladi. U 2011 yilda tashkil etgan «JIZZAX BEST SCHOOL» bugun 6 ta ta’lim muassasasini birlashtirgan yirik xususiy klasterga aylangan. Eng muhimi, tadbirkorlik faoliyati natijasida 200 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Jumladan, 350 nafar bolani qamrab olgan bog‘chaning 2 ta filiali, 3 ta o‘quv markazi va ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan xususiy maktab faoliyat yuritmoqda.
«Mahallaning ishbilarmon ayoli» kabi tanlovlar xotin-qizlarni tadbirkorlikka rag‘batlantirish, ularning tajribasini ommalashtirish va yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Nazira Muhiddinovaning natijasi esa ayol tadbirkorligi nafaqat oila farovonligi, balki yangi ish o‘rinlari va hudud iqtisodiyoti uchun ham muhim ekanini ko‘rsatmoqda.