Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 26-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Hayotdan rozi bo‘lib yashash sururi

25.09.2026
60

Davlatimiz rahbarining hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti va odamlarni o‘ylantirayotgan masalalar bilan yaqindan tanishish, istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berish maqsadida viloyatlarga tashrif buyurishi yaxshi an’anaga aylandi. Har bir tashrif hudud taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlab, yirik loyihalar, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga keng yo‘l ochmoqda.

Prezidentimizning Andijon viloyatiga navbatdagi tashrifi ham ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Uzoq kutilgan tashrif andijonliklarning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shib, ularni yangi marralar sari ruhlantirdi. Zero, davlatimiz rahbari qayerga bormasin, kim bilan muloqot qilmasin, avvalo, inson manfaati, odamlarning dard-u tashvishi, orzu-intilishlariga alohida e’tibor qaratdi. Samimiy muloqotlarda xalqimizga bo‘lgan yuksak mehr va e’tibor yaqqol namoyon bo‘ldi.

Mamlakatimiz rahbarining joylardagi uchrashuvlari, aholi bilan samimiy muloqotlari, yangi loyihalar taqdimotida bildirgan fikr va tashabbuslarini vodiy ahli katta qiziqish bilan kuzatdi. Men ham Andijon farzandi sifatida mazkur tadbirlarda bevosita ishtirok etib, bu tarixiy jarayonlarga guvoh bo‘lganimdan mamnunman. Ayniqsa, odamlar kayfiyatidagi ko‘tarinkilik, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, yangi tashabbus va loyihalarga bildirilayotgan qiziqish bugun Andijonda kechayotgan yangilanishlar xalq hayoti va tafakkurida ham chuqur aks etayotganini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Viloyatda kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga nazar tashlar ekansiz, qisqa davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini his qilasiz. Prezidentimiz rahbarligida boshlangan keng qamrovli islohotlar natijasida nafaqat iqtisodiyot va infratuzilma, balki odamlarning dunyoqarashi, turmush tarzi va ertangi kunga ishonchi ham o‘zgarmoqda.

Yillar davomida aholini qiynab kelgan ko‘plab masalalarga yechim topildi. Yangidan yangi korxonalar tashkil etildi, ish o‘rinlari ko‘paydi, tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengaydi, mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgardi.

So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika byudjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirilgani, birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirish maqsadida 6 trillion so‘m ajratilgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Ushbu mablag‘lar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda

Faol islohotlar samarasi viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida hudud iqtisodiyoti 8,8 foizga, sanoat 9,2 foizga, xizmatlar sohasi 16,1 foizga, investitsiyalar hajmi esa 8,9 foizga o‘sdi. Bu raqamlar ortida, eng avvalo, yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari, yangi daromad manbalari va odamlarning hayot sifatidagi ijobiy o‘zgarishlar turibdi.

Bugun qaysi sohaga nazar tashlamang, yangilanish va bunyodkorlik ko‘zga tashlanadi. Yangi korxonalar, zamonaviy infratuzilma obyektlari, xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘zgarishlar va obodonchilik ishlari nafaqat andijonliklar, balki viloyatga kelayotgan mehmonlarda ham katta taassurot qoldirmoqda.

Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar buning yorqin namunasidir. Bir paytlar imkoniyatlari nisbatan cheklangan havo darvozasi bugun zamonaviy infratuzilmaga ega yirik transport maskaniga aylanmoqda.

Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etib, birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Bu esa yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Prezidentimizning viloyatga tashrifini aynan ushbu yirik obyektda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlagani bejiz emas. Bugun zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholi va mehmonlar uchun munosib hamda qulay sharoit yaratish muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bunday loyihalar hududning nafaqat transport, balki iqtisodiy, sayyohlik va investitsiyaviy salohiyatini ham yuksaltiradi.

Davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish bo‘yicha berilgan vazifalar yo‘lovchilarga jahon standartlari darajasida xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi. O‘z navbatida, viloyatning transport-logistika imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga yangi turtki beradi. Bu aholi va mehmonlar uchun qo‘shimcha qulayliklar ham yaratib, Andijonning iqtisodiy va sayyohlik jozibadorligini yanada oshiradi.

So‘nggi yillarda viloyatda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati ham jadal rivojlanmoqda. Biznes uchun yaratilayotgan qulay muhit sanoat tarmoqlarini kengaytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lyapti.

Tashrif doirasida Prezidentimizning yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etgani ham hudud iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasiga start berilgani mamlakatimizdagi keng ko‘lamli iqtisodiy yangilanishlarning Andijondagi amaliy ifodasidir. Bu shunchaki raqamlar emas. Ularning ortida yangi korxonalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnologiyalar, minglab ish o‘rinlari va, eng muhimi, odamlar daromadini oshirishga qaratilgan ulkan imkoniyatlar mujassam.

Zero, mazkur loyihalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshirilib, hududning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bugun viloyatda baliqchilik tarmog‘ini izchil rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or ishlab chiqarish usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Baliqchi tumanida faoliyat yuritayotgan «Chinobod real biznes» korxonasining baliq yetishtirish loyihasi ana shunday istiqbolli tashabbuslardan biridir.

Umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida ko‘plab ish o‘rni yaratilgan. Ikki gektar maydonda tashkil etilgan zamonaviy majmuada yiliga 200 tonna baliq go‘shti va 2,5 million dona baliq chavog‘i yetishtiriladi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 50 milliard so‘mni tashkil etadi.

E’tiborlisi, majmuada intensiv texnologiyalardan ham samarali foydalanilmoqda. Ikki gektar maydonda an’anaviy usuldagi 100 gektarlik havzalarda yetishtiriladigan hajmga teng mahsulot olish imkoni yaratilgani yer va suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish barobarida, ishlab chiqarish samaradorligini ham oshirmoqda.

Korxonada yetishtirilayotgan forel chavoqlari nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham o‘z xaridorini topgan. Masalan, mahsulotlar Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Asosiysi, mazkur loyiha ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadini ta’minlashga ham xizmat qilayotir.

Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish esa hududdagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi loyihalarni amalga oshirish, eng muhimi, odamlar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda yirik komplekslarni ko‘paytirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar avvalo, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlar barqarorligini saqlashga imkon beradi.

Masalan, Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish mumkin. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirsa bo‘ladi. Yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratilishi, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqilishi chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratib, sohaning barqaror rivojiga yangi sur’at beradi. Qoramol bosh sonining ko‘payishi esa go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirib, ichki bozor ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.

Baliqchida ishga tushirilgan 20 million dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasining ish boshlashi ichki bozorni sifatli tovuq go‘shti bilan barqaror ta’minlash va mahsulot hajmini oshirish barobarida, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlab, hududlarda zamonaviy va samarali ishlab chiqarish tizimini kengaytirishga zamin yaratadi.

Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etilishi sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bu tashabbus zamonaviy usullar asosida baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun barqaror daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zim ham Andijonlikman. Har oyning oxirgi haftasida xalq bilan muloqot qilish maqsadida viloyatimiz hududlarida bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazamiz. Ochig‘i, har gal biror o‘zgarish yoki yangilanishning guvohi bo‘lamiz. Oddiy misol, yaqin-yaqinchaga yoshlar ish izlab xorijga ketayotgan bo‘lsa, bugun ular oilasi bag‘rida yashab, o‘z mahallasida mehnat qilmoqda, daromad topmoqda. O‘zingiz ayting, bundan ortiq baxt bormi yana!?

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi tom ma’noda Andijon tarixida yangi davrni boshlab beradi. Shubhasiz, ushbu tashrifdan so‘ng yuzlab loyihalar amalga oshiriladi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, asosiysi, xalqimiz farovonligi yanada yuksaladi. Biz deputatlar belgilab berilgan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashda yanada faol va tashabbuskor bo‘lamiz.



Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?