Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: dastlabki natijalar va tahlillar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan «O‘zbekistonda 2026 yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari» mavzucida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Jahon aholishunoslik kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda deputatlar, Milliy statistika qo‘mitasi mas’ullari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Konferensiyada mamlakatimizda ilk bor — 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari hamda olingan ma’lumotlardan davlat siyosati va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish mamlakatni ishonchli ma’lumotlar va xalqaro statistika standartlari asosida boshqarish tizimini rivojlantirishga qaratilgan strategik sarmoyadir.
Shuningdek, ushbu jarayon rasmiy statistikaning eng muhim manbalaridan biri bo‘lib, aholi soni, uning yosh va oilaviy tarkibi, ta’lim darajasi, bandligi, migratsiyasi, uy-joy sharoitlari hamda boshqa demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risida kompleks ma’lumotlarni taqdim etadi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari bilan birgalikda ushbu ma’lumotlar davlat siyosatini takomillashtirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mustahkam dalillar bazasini yaratadi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ilk bor o‘tkazilishi O‘zbekiston milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, mamlakatning ma’lumotlar, innovatsiyalar va xalqaro standartlarga asoslangan samarali davlat boshqaruvini rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etdi, bu esa joriy statistik hisob-kitoblarga nisbatan qariyb 810 ming nafarga ko‘p demakdir. 1989 yilda o‘tkazilgan so‘nggi aholini ro‘yxatga olish natijalari bilan taqqoslaganda, mamlakat aholisi qariyb ikki baravarga oshgan. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonida O‘zbekistonda bir yildan ortiq muddat yashab kelayotgan 56,9 ming nafar xorijiy fuqaro ham ro‘yxatga olindi.
— Zamonaviy qonun ijodkorligini sifatli ma’lumotlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, — deydi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari aholining haqiqiy ehtiyojlari va hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda qonunlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish uchun mustahkam asos yaratadi. Aynan shunday ma’lumotlar mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.
— Ro‘yxatga olish tadbiri davomida olingan har bir raqam davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish va hududlarni yanada samarali rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishga xizmat qiladi, — deydi Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev. — Shu bois raqamli texnologiyalar, xalqaro standartlar va aholining faol ishtiroki tufayli biz ro‘yxatga olish tadbirini mutlaqo yangi sifat bosqichida amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik.
YUNFPAning O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Matluba Umurzakova o‘z nutqida sifatli demografik ma’lumotlar samarali davlat siyosatining poydevori ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ro‘yxatga olish natijalari mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini yanada aniq belgilash, davlat investisiyalarini eng ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirish hamda «Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik» tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar ro‘yxatga olishning dastlabki natijalarida olingan ma’lumotlar demografik o‘zgarishlarni yanada aniq prognoz qilish, aholining turli qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olish hamda dalillarga asoslangan davlat siyosatini shakllantirish imkonini berishini alohida qayd etdilar.
Konferensiya yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.