Bishkek sammiti SHHT ko‘lami va O‘zbekistonning strategik rolini yaqqol namoyon etdi
Joriy yil 31 avgust – 1 sentyabrь kunlari bishkek shahrida boʼlib oʼtgan shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, xususan, qabul qilingan bishkek deklaratsiyasi, shht xartiyasiga kiritilgan oʼzgartishlar, xavfsizlik sohasidagi yangi doimiy tuzilmalar va davlat rahbarlari ilgari surgan tashabbuslar tashkilot oʼz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirayotganini koʼrsatdi.
ShHTning dastlabki vazifalari, avvalo, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashish, chegaralar atrofida ishonch va barqarorlikni taʼminlashdan iborat edi. Bu zarurat yoʼqolgani yoʼq, aksincha, yangi xatarlar xavfsizlik boʼyicha hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot, transport, sanoat kooperatsiyasi, moliyaviy mexanizmlar, energetika, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, sunʼiy intellekt hamda inson kapitali bilan bir butun tizimda koʼrilmoqda.
Bu oddiy kun tartibi kengayishi emas, ShHT xavf-xatarlarga javob qaytaradigan mintaqaviy mexanizmdan uzoq muddatli taraqqiyot yoʼnalishlari boʼyicha hamkorlik qilishga intilayotgan keng qamrovli Yevroosiyo platformasiga aylanmoqda. Unda dunyoning siyosiy tizimi, iqtisodiy manfaatlari va tashqi siyosiy yondashuvlari turlicha boʼlgan oʼnta davlat teng huquqli muloqot olib boradi. Bunday tarkibda umumiy qarorga kelishning oʼzi ham tashkilotning geosiyosiy ahamiyatini koʼrsatadi.
Deklaratsiyaning siyosiy mohiyati
Bishkek deklaratsiyasining siyosiy mohiyatini unda tilga olingan mavzular soni bilan emas, ular oʼrtasidagi bogʼliqlik bilan baholash toʼgʼri boʼladi. Hujjat bir tomondan koʼp qutbli dunyo tartibi, BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli, davlatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarini yana bir bor mustahkamlaydi. Ikkinchi tomondan, ana shu siyosiy printsiplarni savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamli texnologiya va iqlim masalalari boʼyicha amaliy hamkorlik bilan toʼldiradi.
Deklaratsiyada ShHT harbiy-siyosiy blok emasligi va boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani ochiq belgilangan. Bu muhim bayonot. Tashkilotning kengayishi yoki uning xalqaro taʼsiri ortib borishini “kimgadir qarshi tuzilma” sifatida talqin qilish hujjat mohiyatiga ham, Oʼzbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasiga ham toʼgʼri kelmaydi. ShHT taklif etayotgan modelning asosi turli manfaatlar mavjud sharoitda konsensus va amaliy hamkorlikni saqlab qolishdir.
Koʼp qutblilik masalasida ham shu yondashuv saqlanadi. Аyni paytda BMT ustavi va xalqaro huquqning universal tamoyillari asosiy tayanch sifatida qoladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “ShHT plyus” majlisida bildirgan fikri bu pozitsiyaga aniq mazmun berdi: Oʼzbekiston yangi chegaralar yaratadigan emas, imkoniyatlar makonini kengaytiradigan koʼp qutblilik tarafdori. Bu fikr Oʼzbekiston uchun geosiyosiy raqobatdan koʼra iqtisodiy bogʼliqlik, ochiq muloqot va oʼzaro manfaat ustuvor ekanini anglatadi.
Deklaratsiyada xavfsizlikning anʼanaviy yoʼnalishlari ham saqlab qolindi. Terrorizm, separatizm va ekstremizmga, shuningdek, chegaralarni kesib oʼtuvchi terrorchilarga, narkotiklar savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurash ShHTning asosiy vazifalari boʼlib qolaveradi. Biroq Bishkek sammitida bu yoʼnalishdagi hamkorlik mexanizmlari yangilandi. Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʼyicha ShHT Universal markazi hamda ShHT Аntinarkotik markazi ijroiya qoʼmitasi toʼgʼrisidagi nizomlar tasdiqlandi. Universal markaz tarkibiga Аxborot xavfsizligi va Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish markazlarining kiritilishi tashkilotda xavfsizlik tushunchasi endilikda faqat harbiy yoki terroristik tahdidlar bilan cheklanmay, raqamli va jinoiy xatarlarni ham qamrab olayotganini koʼrsatadi.
Аfgʼoniston masalasida deklaratsiya printsip va pragmatizmni birlashtirgan. Hujjatda Аfgʼonistonning terrorizm, urush va giyohvandlik moddalaridan xoli mustaqil, neytral, tinch davlat boʼlishi qoʼllab-quvvatlanadi, mamlakatda barqaror tinchlikka erishish uchun keng ijtimoiy-siyosiy vakillik zarurligi qayd etiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev esa xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Аfgʼoniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini taʼkidladi. Bu taklif Аfgʼonistonni mintaqaviy jarayonlardan chetda ushlab turish xavfni kamaytirmasligi, muntazam muloqot va iqtisodiy bogʼliqlik uning barqarorligidan manfaatdorlikni kuchaytirishini anglatmoqda.
Deklaratsiya Yaqin Sharq va Eron atrofidagi vaziyat boʼyicha ham davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, mojarolarni siyosiy-diplomatik vositalar bilan hal etish hamda keskinlikni yumshatish pozitsiyasini ilgari suradi. Bu Oʼzbekistonning nizolarni tinch yoʼl bilan hal qilish va muloqotni tiklashga asoslangan tashqi siyosiy yondashuviga mos keladi. Hujjatning eng katta qismi iqtisodiy va texnologik hamkorlikka ajratilgani ShHT transformatsiyasining eng ishonchli dalilidir. Ochiq va kamsitishlardan xoli savdo tizimi, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlari barqarorligi, elektron tijorat, “aqlli bojxona”, yangi avtomobil va temir yoʼl marshrutlari, mulьtimodal koridorlar, energetika, sanoat, standartlashtirish, qishloq xoʼjaligi, startaplar ekotizimi va innovatsiyalar yagona iqtisodiy kun tartibiga jamlangan.
Moliyaviy hamkorlik masalalari ham alohida oʼrin oldi. Oʼzaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ni amalga oshirish va ShHT Taraqqiyot bankini tuzish ustidagi ishlarni davom ettirish qayd etildi. Muhim jihati, bank Bishkekda ishga tushirilgani yoʼq: deklaratsiya bu boradagi siljishni qayd etdi, Prezidentimiz esa umumiy tamoyillarni kelishishdan uni amalda ishga tushirish bosqichiga oʼtishni taklif qildi. Suv, energetika, oziq-ovqat va iqlim xavfsizligining bir-biriga bogʼliq masalalar sifatida qoʼyilishi ham yangi yondashuvdir.
Oʼzbekiston – kun tartibini shakllantirayotgan davlat
Bishkek sammiti Oʼzbekistonning ShHTdagi roli toʼgʼrisida muhim xulosa chiqarish imkonini beradi: mamlakatimiz endi faqat muhokamalarda ishtirok etayotgan davlat emas, tashkilotning uzoq muddatli rejalarini shakllantirayotgan aʼzolardan biriga aylanmoqda.
Bu fikrga birinchi asos – Oʼzbekiston tomonidan taklif etilgan tashabbuslarning koʼlami. Ular iqtisodiyot, moliya, sanoat, transport, sunʼiy intellekt, maʼlumot, suv va energetika samaradorligi, Аfgʼoniston, xavfsizlik institutlari hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni qamrab oldi. Eʼtiborlisi, bu takliflar alohida, bir-biridan uzilgan emas, ularning barchasi ShHTni amaliy natija beradigan taraqqiyot makoniga aylantirishdek yagona maqsadga xizmat qiladi.
Ikkinchi asos – Markaziy Osiyoga berilgan baho. Prezidentimiz Markaziy Osiyoni ShHTning geografik va strategik oʼzagi deb taʼrifladi. Bu faqat geografik maʼnodagi eʼtirof emas, siyosiy yondashuvdir. ShHTning barqarorligi, transport loyihalarining samarasi, Аfgʼonistonga doir siyosat, suv va energetika masalalari, sharq va gʼarb, shimol va janub oʼrtasidagi bogʼliqlik koʼp jihatdan Markaziy Osiyodagi hamkorlik darajasiga bogʼliq.
Oʼzbekistonning soʼnggi yillardagi mintaqaviy siyosati qoʼshnilar bilan ochiq muloqot, chegara va transport masalalarini hal qilish, savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish ShHT doirasidagi takliflarni asoslantirmoqda. Yaʼni, mamlakatimiz barcha aʼzolar uchun manfaatli boʼlgan loyihalar orqali ishonchni mustahkamlashni taklif qilmoqda. Bu Oʼzbekiston diplomatiyasining kuchli tomoni: siyosiy kelishuvni iqtisodiy manfaatlar bilan mustahkamlashdir.
Uchinchi asos – ShHT tuzilmalaridagi oʼrin. 2004 yildan buyon Toshkentda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʼmitasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bishkekda qabul qilingan qarorga muvofiq, Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʼyicha universal markaz ham Toshkentda joylashadi. Shu tariqa Oʼzbekiston ShHT xavfsizlik arxitekturasida faqat siyosiy tashabbus bildiruvchi emas, doimiy institutlarga mezbonlik qiluvchi markaziy davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Istiqbolli tashabbuslar
Prezidentimiz taklif etgan “ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” kontseptual gʼoyasi boshqa tashabbuslarni birlashtiruvchi bosh gʼoyadir. Uning maqsadi investitsiya, texnologiya va bilim erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalar kengayadigan makonni shakllantirishdan iborat. Bu tashkilotni faqat davlatlararo muzokaralar klubi emas, balki iqtisodiy subʼektlar va hududlarni bogʼlaydigan tizim sifatida eʼtirof etishdir.
ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi mazkur gʼoyaning amaliy davomi boʼlib, maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtirishga qaratilgan. Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun universal raqamli darcha paydo boʼladi. ShHT Taraqqiyot banki esa transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi tayyor loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilishi lozim.
Temir yoʼl makonlari integratsiyasi boʼyicha kengash tuzish taklifi ham loyihalarni bir-biriga bogʼlash zaruratidan kelib chiqadi. Yangi yoʼl qurishning oʼzi yetarli emas: chegara tartiblari, tariflar, texnik standartlar, yuk hujjatlari, logistika markazlari va raqamli kuzatuv tizimlari muvofiqlashmasa, infratuzilmaning iqtisodiy samarasi cheklanib qoladi. Kengashning vazifasi milliy transport tizimlarini “choksiz” bogʼlash boʼlishi ana shu toʼsiqlarni tizimli hal etishni anglatadi.
Sunʼiy intellekt boʼyicha tashabbuslar esa kun tartibini kelajak iqtisodiyotiga olib chiqadi. Bu masala Oʼzbekiston uchun ayniqsa ahamiyatli: oʼzbek tilidagi raqamli maʼlumotlar hajmi va sifati oshib borishi mahalliy texnologik kompaniyalar, taʼlim, davlat xizmatlari va biznes yechimlarining raqobatbardoshligiga bevosita taʼsir qiladi. Kelgusi yili Toshkentda ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar boʼyicha forumini oʼtkazish taklifi davlatimizni mintaqaviy texnologik muloqot markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi. Oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi boʼyicha ixtisoslashgan mexanizm hamda 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi esa Markaziy Osiyoning eng murakkab masalalarini umumiy manfaat asosida hal qilishga qaratilgan.
“ShHT plyus” formatida ilgari surilgan Mintaqaviy tashkilotlarning hamkorlik tarmogʼini yaratish, loyihalar va texnologiyalar ochiq bankini shakllantirish, “ShHT invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berish, shuningdek, “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etib, uni koʼhna Xiva shahrida oʼtkazish tashabbuslari tashkilotning tashqi hamkorlik doirasini kengaytiradi. Bunda BMTning markaziy roli saqlanadi, mintaqaviy tashkilotlar esa umumiy qarorlarni joylarda amalga oshirish hamda bir mintaqada sinovdan oʼtgan samarali yechimlarni boshqa mintaqalarga yetkazishning amaliy vositasi boʼlib xizmat qiladi.
Manfaatli jihatlar
Bishkekda ilgari surilgan tashabbuslarning Oʼzbekiston uchun ahamiyatini faqat diplomatik nufuz bilan oʼlchab boʼlmaydi. Ularning qiymati milliy iqtisodiyot, hududlar va tadbirkorlar uchun qanday natija berishi bilan belgilanadi.
Birinchi yoʼnalish – bozor va sanoat kooperatsiyasi. Prezidentimiz nutqida Oʼzbekistonda ShHT mamlakatlari bilan bir yarim mingdan ortiq qoʼshma loyiha amalga oshirilayotganini qayd etdi. Bu aloqalarni ikki tomonlama kelishuvlar yigʼindisidan koʼp tomonlama ishlab chiqarish zanjirlariga oʼtkazish eksportni diversifikatsiya qilish, mahalliy korxonalarni yirik bozorlarga olib chiqish va investitsiyalarni tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yoʼnaltirish imkonini kengaytiradi.
Ikkinchi yoʼnalish – transport va logistika. Oʼzbekiston dunyodagi ikki karra quruqlik bilan oʼralgan ikki davlatdan biri. Shuning uchun tashqi bozorga chiqish xarajati va yoʼllarni diversifikatsiya qilish mamlakat uchun oddiy transport masalasi emas, iqtisodiy mustaqillik masalasidir. Аmalga oshirilayotgan “Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston temir yoʼli” mamlakatimizni Sharqiy Osiyo yoʼnalishi bilan toʼgʼridan-toʼgʼri bogʼlaydigan strategik loyihadir. Uni boshqa Sharq- Gʼarb va Shimol-Janub yoʼlaklari bilan uygʼunlashtirish Oʼzbekistonning tranzit salohiyatini oshiradi, eksport muddati va xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. ShHT doirasida temir yoʼl tizimlarini muvofiqlashtirish esa yangi magistrallarning iqtisodiy samarasini koʼpaytirishi mumkin.
Uchinchi yoʼnalish – texnologiyalar. Sunʼiy intellekt boʼyicha maʼlumotlar korpusi, Toshkent forumi, startaplar ekotizimi va raqamli infratuzilmaga investitsiyalar Oʼzbekistonda yuqori texnologiyali xizmatlar va sanoatni rivojlantirish uchun yangi hamkorlik kanallarini ochadi. Shu nuqtai nazardan, ShHT maydoni yoshlar uchun yangi kasblar va ilmiy almashinuv imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Toʼrtinchi yoʼnalish – xavfsizlik. Toshkentda yangi universal markazning joylashishi Oʼzbekistonning ShHT doirasidagi oʼrni va nufuzini oshirish bilan birga, katta masʼuliyat ham yuklaydi. Markaz kibertahdidlar, transmilliy jinoyatchilik va boshqa yangi xatarlar boʼyicha tezkor axborot almashish, tahlil va muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirishi kutilmoqda. Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan bir shaharda faoliyat yuritishi esa Toshkentni ShHT xavfsizlik mexanizmlarining muhim tayanch nuqtasiga aylantiradi.
Beshinchi yoʼnalish – siyosiy nufuz. Oʼzbekiston ilgari surayotgan takliflar faqat milliy manfaatlarni ifoda etibgina qolmasdan, boshqa aʼzo davlatlar uchun ham maqbul boʼlgan yechimlari bilan ahamiyatlidir. Tashabbus koʼrsatish va turli manfaatlarni uygʼunlashtira oladigan yechimlarni ilgari surish davlatning xalqaro nufuzi va taʼsirini oshiradigan muhim omillardandir. Toshkentning xavfsizlik, sunʼiy intellekt, investitsiya va madaniyatlararo muloqot boʼyicha xalqaro maydonlarga mezbonlik qilishga tayyorligi esa poytaxtimizning mintaqaviy va xalqaro muloqot markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
O‘zLiDePning yangi vazifalari
ShHT faoliyatida iqtisodiyot, tadbirkorlik, investitsiya va texnologiyaning ulushi oshishi O‘zLiDePdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Chunki tashkilot doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning katta qismi partiyaning asosiy elektorati – tadbirkor va fermerlarning manfaatiga bevosita daxldor.
Partiya uchun muhim vazifalardan biri Prezidentning ShHT doirasidagi iqtisodiy tashabbuslarini mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda partiyaning aniq dasturiy vazifa va takliflariga aylantirishdir. Bu deklaratsiyadagi umumiy gʼoyalarni takrorlashni emas, ularning Oʼzbekistondagi tadbirkorlik muhiti, sanoat siyosati, eksport, raqamli iqtisodiyot, bandlik va hududiy rivojlanishga taʼsirini baholashni anglatadi. Yetakchi kuch oʼz dasturiy hujjatlarida ShHT sanoat kooperatsiyasi xaritasi, Taraqqiyot banki, elektron tijorat, “aqlli bojxona” va transport integratsiyasi boʼyicha milliy manfaatlarni ifodalaydigan takliflar paketini shakllantirishi lozim.
Ikkinchi vazifa – tadbirkorlar uchun ShHT imkoniyatlarini tushunarli va foydalanish mumkin boʼlgan axborotga aylantirish. “ShHT bozori katta” degan umumiy fikrning oʼzi biznes uchun yetarli emas. Ishbilarmonga muayyan mamlakatda qaysi mahsulotga talab borligi, qanday sertifikat va standartlar amal qilishi, logistika marshruti va xarajati, bojxona tartibi, moliyalashtirish manbai, ishonchli hamkor va huquqiy xatarlar haqida amaliy maʼlumot kerak. Partiya tuzilmalari, deputatlik birlashmalari va ekspertlar ishtirokida “ShHT biznes navigatori” kabi doimiy maslahat va axborot mexanizmini shakllantirish imkoniyatini oʼrganish mumkin.
Uchinchi yoʼnalish hududlar bilan bogʼliq. Yangi transport koridori yoki sanoat zanjirining foydasi respublika boʼyicha bir xil taqsimlanmaydi. Masalan, “Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston” temir yoʼli Аndijon va Fargʼona vodiysi uchun yangi logistika, ombor, qayta ishlash, servis va eksport loyihalarini yuzaga chiqarishi mumkin. Boshqa yoʼlaklar Qoraqalpogʼiston, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo yoki Toshkent viloyati uchun alohida imkoniyatlar ochadi. Partiya transport yoʼlaklari hamda yangi bozorlarning har bir hudud kesimidagi taʼsirini oʼrganib, imkoniyatlar xaritalarini tayyorlasa, xalqaro tashabbus mahalliy rivojlanish dasturi bilan bogʼlanadi.
Toʼrtinchi vazifa – sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot boʼyicha partiyaning ekspert platformasini kuchaytirish. Bu sohada faqat texnologiyani qoʼllab-quvvatlash pozitsiyasi yetarli emas. Sunʼiy intellektning mehnat bozori, yangi kasblar, kichik biznes unumdorligi, maʼlumotlar xavfsizligi, mualliflik huquqi, raqobat va yoshlar siyosatiga taʼsiri boʼyicha oqilona takliflar kerak.
Beshinchi yoʼnalish – ShHTga aʼzo davlatlarning yetakchi siyosiy partiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va uning mazmunini yangilash. Partiya uchun tashkilotga aʼzo mamlakatlardagi yetakchi siyosiy kuchlar bilan toʼgʼridan-toʼgʼri va tizimli aloqalarni yoʼlga qoʼyish, mavjud hamkorlikni esa yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bunday munosabatlar faqat protokol uchrashuvlari va umumiy bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, iqtisodiy hamkorlik, ekspert muloqoti va qoʼshma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi darkor. Shu maqsadda partiyalar huzuridagi tahlil markazlari, tadbirkorlar tuzilmalari, yoshlar va boshqa jamoat platformalari oʼrtasida doimiy ishchi aloqalarni shakllantirish maqsadga muvofiq.
Oltinchi vazifa – tadbirkorlarning muammo va takliflarini ShHT doirasidagi milliy pozitsiyaga yetkazish mexanizmini kuchaytirish. Eksportchi korxona chegarada, sertifikatlashda, toʼlovda yoki transport tarifida duch kelayotgan toʼsiq koʼpincha yuqori darajadagi hujjatlarda aks etmaydi. O‘zLiDeP oʼz elektorati bilan bevosita ishlaydigan siyosiy kuch sifatida ana shu muammolarni tizimlashtirib, parlament, hukumat va masʼul idoralarga asoslangan taklif sifatida kiritishi mumkin.
Partiyaning “Аql markazi”ni ShHT kun tartibidagi iqtisodiy, texnologik, transport va xavfsizlik masalalarini muntazam tahlil qilishga jalb etish ham maqsadga muvofiq. Bunda qarorlarning ijrosi, Taraqqiyot banki boʼyicha muzokaralar, Sanoat kooperatsiyasi xaritasining shakllanishi, sunʼiy intellekt forumiga tayyorgarlik va yangi markazlar faoliyatini kuzatib boradigan doimiy tahlil kerak. Siyosiy partiyaning strategik salohiyati aynan xalqaro tendentsiyani milliy vazifaga, milliy vazifani esa aniq dasturiy taklifga aylantira olishida koʼrinadi.
Sardor MАRIPOV,
O‘zLiDeP Strategik va dasturiy hujjatlar
bilan ishlash departamenti rahbari