Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 26-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Bolalar farovon kelajagi yo‘lida xalqaro hamkorlik

26.10.2026
118

Samarqandda «Bolalar farovonligiga investisiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari» xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati unda bolalar salomatligini muhofaza qilish, ta’lim olishi, munosib sharoitlarda ulg‘ayishi va kelajakda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilingan.

Sammit doirasida Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress ham tashkil etilib, 300 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, xalqaro tashkilotlar, yetakchi tibbiyot markazlari va ilmiy muassasalar vakillari qatnashgani uning nufuzi ancha yuqori ekanidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inson qadri uchun islohotlar aholining barcha qatlamini, jumladan bolalarga gamxo‘rlik qilishni ham qarab olgan. Ayniqsa bolalarda saraton kasalligini erta aniqlash, zamonaviy davolash usullarini joriy etish, reabilitatsiya va bemor oilalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Bu borada partiyamiz dasturida ham muhim vazifalar belgilangan.

Mazkur tadbirda mutaxassislar bu borada O‘zbekiston tajribasini alohida e’tirof etishgani, tadbirlar doirasida og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Global tarmoq tashkil etilgani diqqatga sazovor.

Shuningdek, bolalar onkologiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy izlanishlarni rivojlantirish va sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. «Mehrli maktab» o‘quvchilarining chiqishlari esa davolanish jarayonida bolalarga nafaqat tibbiy yordam, balki ta’lim va ruhiy ko‘mak ham zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Sammit yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinib, unda bolalarni qo‘llab-quvvatlashda alohida tadbirlar bilan cheklab qolmay, homiladorlik davridan boshlab bolaning ulg‘ayishi va mehnat faoliyatiga kirishguniga qadar bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan uzluksiz tizimni shakllantirish muhimligi qayd etilgan.

Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar bolalar salomatligi va farovonligi butun jamiyatning umumiy mas’uliyati ekanini yana bir bor namoyon etdi. Xalqaro tajriba va hamkorlikni birlashtirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, har bir bolaning ta’lim olishi va sog‘lom hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratish barqaror va adolatli kelajak sari muhim qadamdir.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?