Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 30-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Bolalar xavfsizligi qonun bilan yanada kuchli himoyalanadi

29.09.2026
183

Bugun O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildik. Menimcha, bu hujjatning ahamiyati shundaki, u bolani nafaqat zo‘ravonlikdan keyin himoya qilish, balki bunday holatlarning oldini olish va aybdorlarning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan.

Loyihada bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, ayrim holatlarda umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash, bunday jinoyatlar bo‘yicha muddat o‘tgani sababli javobgarlikdan ozod bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik kabi muhim normalar belgilanmoqda. Bu — bola hayoti, sha’ni va daxlsizligi qonun bilan yanada qat’iy himoyalanishini anglatadi.
Yana bir muhim jihat — jabrlangan bolaning o‘ziga yondashuv. So‘roq jarayonini videoyozuvga qayd etish, maxsus tartiblarni qo‘llash, vasiylik va homiylik organi vakili ishtirokini ta’minlash hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda. Ya’ni bola jinoyat ishida yana bir bor ruhiy bosimga duch kelmasligi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratiladi.

Shu bilan birga, bolani himoya qilishi kerak bo‘lgan mas’ullar ham o‘z vazifasiga befarq qaramasligi kerak. Shu sababli bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, tegishli qarorlarni bajarmaslik kabi holatlar uchun ham javobgarlik belgilanmoqda. Bu yondashuv bolalar xavfsizligi uchun mas’uliyatni yanada oshiradi.

Ushbu qonun loyihasini bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish nuqtai nazaridan muhim, deb hisoblayman. Fraksiya yig‘ilishida bildirilgan taklif va mulohazalar ham inobatga olinib, qonun loyihasi yanada takomillashtirilishi muhim. Zero, har bir bola xavfsiz muhitda yashashi va himoyalanganini his qilishi kerak.

Aktam Xaitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?