Davlat xaridlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldi olinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16-17-sentyabr kunlari Namangan viloyatiga tashrifining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar ushbu tashrif aholi turmush farovonligini oshirish, bandlikni ta’minlash hamda hududni har tomonlama rivojlantirishga oid loyihalarni hayotga samarali tatbiq etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lganini ta’kidladilar.
Fraksiya a’zolari bu borada belgilangan vazifalar ijrosi ustidan doimiy parlament va deputatlik nazoratini ta’minlashi, ayniqsa, mazkur yo‘nalishdagi ishlarda Namangan viloyatidan saylangan deputatlar yanada tashabbuskorlik ko‘rsatishi lozimligini qayd etdilar.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan navbatdagi masala — “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Loyihada “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etish, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar inobatga olingani va hujjat matni takomiliga yetkazilganini aytib o‘tdilar. Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasini ma’qulladilar.
Davlat xaridlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1758-moddasiga komleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni komleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Fraksiya a’zosi Dilmurod Artiqov, Ma’rufjon Rahmonov va Nargiza Salomovalar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirar ekan, u bilan belgilanayotgan normalar davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.