Buxoroda faol tadbirkor ayollar e’tirof etildi
Buxoro shahrida O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy loyihasi doirasida «Ishbilarmon ayol–2026» ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini yanada oshirishdan iborat.
Tadbirda ishtirokchilarning biznes loyihalari, mehnat faoliyati va erishgan yutuqlari baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasasi rahbari Nigina Hikmatova 1-o‘rinni, «Omad baxt quvonch» MCHJ rahbari Hilola Halimova 2-o‘rinni, kulolchilik va rassomchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan Shahlo Akramova esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, bir qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Tanlov g‘olib va sovrindorlariga O‘zLiDeP Buxoro shahar Kengashi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi loyihalar xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularni yangi yutuqlarga ilhomlantirishga xizmat qilmoqda.