Dushanba 09-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilmoqda

27.05.2025
109

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 19-21-may kunlari Vengriyaga rasmiy tashrifining ahamiyati keng muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 14-martda o‘rnatilgan. Shundan buyon ikki davlat ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilib kelmoqda. Davlat rahbarlarining sa’y-harakati bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Fraksiya a’zolari ushbu tashrifning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, ushbu tashrif barcha sohadagi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishini, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat parlamentlari delegatsiyalarining o‘zaro tashrifi va uchrashuvlari faollashgani, tashrif doirasida Vengriya Milliy majlisi spikeri Laslo Kyover bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv O‘zbekiston — Vengriya strategik sheriklik munosabatlari, jumladan, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mazmunan boyitishga zamin yaratishi urg‘ulandi.

Muhokamalarda tashrif yakunlaridan kelib chiqib, O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

Keyingi yillarda muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sohada iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan talablar kuchaytirildi. Shu bilan birga, muvofiqlikni baholovchi organlar tomonidan sohada qoidabuzarliklarning ortib borayotganligi muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun ta’sir choralari kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Fuqarolik kodeksi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiqlikni baholash organlari mas’uliyatini oshirish hamda tadbirkorlik subyektlarini tegishli talablarga nomuvofiq bo‘lgan mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan savdodan chaqirib olishni rag‘batlantirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berishdi. Munozaralar va uzoq davom etgan savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

U bilan O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuni hamda Yer kodeksi va Soliq kodeksiga davlat aktivlarini xususiylashtirish va ijaraga berishni soddalashtirish, sohada tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur hujjat davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirish, sohadagi vakolatli organlarining vakolatlarini belgilash va davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Fraksiya yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?