O'zLiDeP deputati talaba qizlarning taklif va tashabbuslarini qo'llab-quvvatladi
“Xalq bilan birga” dasturi doirasida Buxoro shahar Kengashi deputati Malika Ishxodjayeva Osiyo xalqaro universiteti talaba-qizlari bilan ochiq va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida xotin-qizlar uchun oliy ta’limda yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy kasb-hunar egallash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuvda talaba-qizlar o‘z orzu-intilishlari, kelajak rejalari va jamiyatda munosib o‘rin egallash borasidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, ta’lim jarayonida uchrayotgan qiyinchiliklar, amaliyot o‘tash va ish bilan ta’minlash masalalari yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar diqqat bilan tinglandi.
Tadbir davomida “Yosh lider qizlar klubi”ni tashkil etish, tadbirkor ayollar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish hamda psixologik qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Motivatsiya maydoni” platformasini yaratish kabi muhim tashabbuslar ilgari surildi. Yoshlarning faolligi va tashabbuskorligi jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekani, ularning har bir g‘oyasi e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.