Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 04-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlarning oldi olinadi

03.02.2026
69

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan joriy yil 29-yanvar kuni ushbu mamlakatga rasmiy tashrifining yakunlari haqida so‘z yuritildi.

Fraksiya a’zolari bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda muhim bosqich bo‘lish bilan birga, barcha sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Ayniqsa, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim diplomatik tadbir bo‘lgani alohida qayd etildi.

Shundan so‘ng, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda tasarruf etish oz miqdor yoki ko‘p bo‘lmagan miqdorda sodir etilgan taqdirda ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu orqali bu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikdagi mavjud bo‘shliq bartaraf etilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zosi Barno Berdiyeva qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, undagi ayrim normalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tdi.

—Yig‘ilishda ushbu qonun loyihasini atroflicha muhokama qilib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni berdik, — dedi deputat. — Loyihada nazarda tutilayotgan normalar jamiyatda xavfsiz muhitni mustahkamlash, yangi turdagi huquqbuzarliklar paydo bo‘lishining oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Yuqoridagilarni e’tiborga olib, ushbu qonun loyihasini ma’qulladik.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?