“Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida 4 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari topshirildi
Izboskan tumanida O‘zLiDeP tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan “Yurakka yo‘l” aksiyasi insonparvarlik va mehr-oqibat namunasiga aylandi. Ushbu tadbir orqali partiya faollari imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olib, ularga nafaqat moddiy, balki ma’naviy ko‘mak ham ko‘rsatdilar.
Jumladan, “Shodlik” MFYda yashovchi Sharifaxon Sharobiddinova, “Urganji” MFY “Oydinbuloq” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Abdulloh Muhsinjonov hamda “Haqqulobod” MFY “Zabardast” ko‘chasida yashovchi Ibodatxon Begijonova xonadonlariga tashriflar unutilmas taassurot qoldirdi. Tadbir doirasida ushbu fuqarolarga nogironlik aravachalari berildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining yetkazib berilishi ularning qalbida chuqur minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Bu amaliy yordamlar fuqarolarning kundalik hayotini yengillashtirish bilan birga, ularning qalbida minnatdorlik va ishonch tuyg‘ularini mustahkamladi. Eng muhimi, ular o‘zlarini jamiyat e’tiboridan chetda emasligini yana bir bor his etdilar.
“Yurakka yo‘l” aksiyasida partiya vakillari, deputatlar, ijtimoiy soha mutasaddilari va yosh volontyorlar faol ishtirok etib, “Xalq bilan birga” g‘oyasini amalda namoyon etdilar. Ushbu tashabbus insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik eng oliy qadriyat ekanini yana bir bor tasdiqlab, jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.