Fraksiya a’zolari Davlat budjetining 9 oylik ijrosini ma’qulladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksi aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlarga oid alohida bob bilan to‘ldirilib, aholi salomatligi va genofondiga jiddiy xavf soluvchi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi moddalar kiritilyapti.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasida nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrashga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan to‘qqiz oyda yalpi ichki mahsulot hajmi 7,6 foizga, bozor xizmatlari 14,0, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,8, qurilish ishlari 14,2 va qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga o‘sgan.
Deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, tadbirkorlar uchun joriy yilning to‘qqiz oyida qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilarga 18,1 trln. so‘m miqdoridagi tushumlar, shuningdek 1,4 trln. so‘m miqdoridagi keshbek summalari qaytarib berilgani, jarimalar soni va miqdorlari qisqartirilayotgani, budjetdan subsidiyalar taqdim etilayotgani, soliq imtiyozlari berilayotgani tadbirkorlik faolligini oshirish uchun imkoniyatlar sifatida baholandi.
Muhokamalardan so‘ng, deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar.