Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Fuqarolar murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarga amaliy yechim topish — deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri.
Shu maqsadda Chirchiq shahrida O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev, Toshkent viloyati va Chirchiq shahar Kengashlari deputatlari hamda partiya deputatlik guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Qabul davomida fuqarolar kommunal xizmatlar, ichimlik suvi va elektr ta’minoti, yo‘llar, bandlik, tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’limga oid masalalar bo‘yicha murojaat qildilar.
Har bir murojaat e’tibor bilan tinglanib, tegishli huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Mas’ul tashkilotlar vakolatidagi masalalar esa nazoratga olinib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Sayyor qabulda 150 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar, taklif va tashabbuslarini bildirdilar.