Seshanba 24-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlar takomillashtirilmoqda

24.06.2025
62

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirish, valyuta, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab Prezidentimizning hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yil 19-20-iyun kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari Xushvaqt Xaitov, Nargiza Salomova va boshqalar ushbu tashrifning ahamiyati haqida to‘xtalib, viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar deputatlar, partiya faollari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini qayd etdilar.

Deputatlar korpusi saylov okruglaridagi faoliyatlari davomida belgilab berilgan har bir toshiriq va vazifalarning mazmun-mohiyatini mahalliy ijro organlari rahbarlariga yetkazishlari va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishlari lozimligi urg‘ulandi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi.

Ma’lum qilinganidek, keyingi yillarda valyuta sohasini takomillashtirish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasida bir qator muammolar va huquqiy bo‘shliqlar mavjud bo‘lib, ularni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi qonun hujjatlarini bir xilda qo‘llanilishiga, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga hamda jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan.

U bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun hujjatlaridagi valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi tushunchalar o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda. Qolaversa, valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish ko‘zda tutilyapti.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Otabek Musurmonov, Saydullo Azimov va boshqalar hujjatning ahamiyatiga e’tibor qaratib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlarini savollarga tutishdi. Mutasaddilar ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritib, berilgan takliflar uni takomillashtirish jarayonida e’tiborga olinishi va ular asosida hujjat matni maromiga yetkazilishini ta’kidlashdi.

Yig‘ilishda “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zosi Mavluda Ibragimova qonun loyihasining mohiyatiga to‘xtalib, u bilan ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ish tashkil etiladigan sohalar, ijtimoiy ishni tashkil etishda idoralararo hamkorlik, ijtimoiy xodimning maqomi, vazifalari va majburiyatlari hamda maxsus vakolatli davlat organi va uning vakolatlari belgilanayotganini ta’kidladi.

Deputat shuningdek, ushbu hujjat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va mazkur sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilganini qayd etib, fraksiya a’zolarini uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?