Dushanba 16-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratiladi

13.05.2025
141

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida Prezidentimiz raisligida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot muassasalari faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish, tibbiyot kadrlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshirilib, hududlardagi shifoxonalar moddiy-texnik jihatdan yangilandi. Eng muhimi, aholining uzog‘ini yaqin qilish, odamlarni ushbu tizimdan rozi qilish maqsadida mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan tizim yo‘lga qo‘yildi.

Fraksiya a’zolari oxirgi yillarda Prezidentimiz boshchiligida tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.

Videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan muhim tashabbuslar O‘zLiDeP dasturiy maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekanligi, ularni ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlashda fraksiya a’zolari faol ishtirok etishi, sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishi qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida sohaga oid qator tartib-taomillar tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqilib, eskirgan, zamon talablariga javob bermaydigan byurokratik g‘ovlar va to‘siqlar bekor qilindi.

Ko‘rilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shu bilan birga, qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh Bitimi qoidalariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati mavjud.

Mazkur qonun loyihasi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berishni nazarda tutilmagan mamlakatlarda (hozirda 57 davlat eng ko‘p qulaylik rejimiga ega) ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan amaldagi import bojlari stavkalarini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa milliy qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini ta’minlash, shu jumladan, iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish va chet el investitsiyalarini keng jalb etishga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining bugungi kundagi zarurati va ahamiyati, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida deputatlar takliflari asosida maromiga yetkazilganligini e’tiborga olib, ma’qulladilar.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa qonun loyihalari ham atroflicha ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?