Izboskanlik 285 nafar yurtdoshimiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Inson salomatligi — eng ulug‘ ne’mat. Ayniqsa, chekka va chegaradosh hududlarda aholiga sifatli tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Izboskan tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh “Lo‘g‘umbek” qishlog‘ida O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi tashabbusi bilan partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Salomatlik sari” aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya davomida “Lo‘g‘umbek”, “Chekyor”, “Rovot”, “Navjur”, “Haqqulobod” va “Yuqori” mahallalari aholisi uchun ko‘chma tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Mammografiya, rentgen va oftalmologiya uskunalari bilan jihozlangan maxsus tibbiy transport vositalari orqali fuqarolar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi.
Bunday profilaktik tadbirlar kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va inson salomatligiga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. “O‘zLiDeP — onkologik kasalliklarga qarshi” shiori ostida o‘tkazilgan “Salomatlik sari” aksiyasi ham tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, ayniqsa, chekka hududlarda profilaktik ko‘riklarni kengaytirishga qaratilgan amaliy tashabbus sifatida ahamiyatli bo‘ldi.