Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 19-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Mahalla tizimi – taraqqiyot, birdamlik va farovonlik manbai

18.10.2025
78

Mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan qayd etilgan muhim tashabbus va vazifalar mahallaning faqat ijtimoiy tuzilma sifatida emas, balki davlat boshqaruvi tizimining to‘laqonli bo‘g‘ini sifatida shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.

Videoselektor yig‘ilishida ushbu sohadagi eng muhim muammolar, ilgari surilgan tashabbuslar va ularning natijalari atroflicha muhokama qilindi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla — bu nafaqat aholining yashash joyi, balki jamoatchilikning birdamligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning asosiy ustunidir.

Mahallada “yettilik” tizimining joriy qilingani eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu tizim orqali kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi. Buning natijasida 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi esa qariyb 2 barobarga qisqardi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilib, ularga yetarli resurslar va vakolatlar berildi. Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasida ham katta mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.  

Mahalla tizimining yana bir muhim jihati — moliyaviy mustaqillik masalasi bo‘lib, Prezidentimizning tashabbusi bilan ilk bor “Mahalla byudjeti” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu, ayni paytda, fuqarolarning o‘z hududidagi islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirdi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali aholi o‘z fikri va taklifini ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib mamlakatimiz bo‘ylab 9 mingdan ortiq mahalla “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Bu jarayonlarda 50 mingdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ular orasida yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, bog‘cha va maktablarni obod qilish kabi aholining kundalik ehtiyojiga yaqin bo‘lgan yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Eng muhimi, bu jarayon orqali nafaqat mahalliy infratuzilma yangilanmoqda, balki odamlarda o‘z mahallasi taqdiriga daxldorlik hissi, mas’uliyat va birdamlik kayfiyati shakllanmoqda. Prezidentimiz qabul qilgan qarorlar natijasida mahalladagi ijtimoiy muammolarni hal qilishda Qonunchilik palatasi deputatlari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratildi. Endi har bir deputat o‘z saylov okrugidagi aholining ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni “Tashabbusli byudjet” orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilingan yana bir muhim tashabbus — Soliq qo‘mitasi tomonidan yer va mol-mulk soliqlarini to‘lash darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingining yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Mazkur tashabbus mahallalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga, mahalladagi soliq yig‘imlarini oshirish orqali mahalliy byudjetlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mahalla byudjetiga sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilishlardan olinadigan jarimalarning 10 foizi yo‘naltirilishi esa mahalla darajasidagi ijtimoiy tartibni saqlash va yashash muhitini yaxshilashga qaratilgan samarali yo‘ldir. 2026 yildan boshlab mahalla byudjetlariga har yili qo‘shimcha 200 milliard so‘mdan ajratiladigan mablag‘lar jamiyatning bu muhim tuzilmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Darhaqiqat, bugun mahalla faqat fuqarolar yig‘ini emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim bog‘lovchi ko‘prikka aylandi. Bu tizim orqali davlat aholiga yaqinlashmoqda, muammolar manzilli hal etilmoqda.

Mahallada ish yurituvchi “yettilik” tizimi, ya’ni rais, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, soliq va bank vakillari o‘rtasidagi hamkorlik mahallaning haqiqiy rivojlanish drayveriga aylanmoqda. Ular yagona jamoa sifatida ish yuritganda, har bir mahallada yangi loyihalar, yangi imkoniyatlar yaratilayotganini ko‘rish mumkin.

Bexato, [Сб 18.10.2025 12:40]
Yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Mahalladagi bo‘sh yerlar va binolardan samarali foydalanish, infratuzilma loyihalari bilan birga ishlab chiqarishni rivojlantirish muhim vazifa etib qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari oilaviy muammolarga ham alohida e’tibor qaratdi. Ajrashgan oilalar, aliment to‘lashdan bosh tortgan ota-onalar, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlarining uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun mahalla tizimining ahamiyati yana bir bor ta’kidlandi. Yoshlar o‘rtasida oilaviy mas’uliyat va turmush tarziga oid targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targ‘ib qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekistonda mahalla tizimini takomillashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalar mahalla jamoatchiligi faolligini oshirish, ijtimoiy muammolarni tez va samarali hal qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani barpo etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Kelgusi yillarda ham mahalla tizimidagi islohotlar va mablag‘lar yo‘naltirilishi samarali ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda xalq farovonligini oshirishning muhim kafolati hisoblanadi.

Prezidentimiz tomonidan mahalla tizimini yanada rivojlantirish va joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yaxshilash bo‘yicha ilgari surilgan keng qamrovli tashabbus va vazifalarni deputatlik korpusi vakillari qo‘llab-quvvatlaydi. Mahalla endi faqat ma’muriy tuzilma emas, balki jamiyatda faoliyat, birdamlik va taraqqiyot manbai hamdir.

Biz deputatlar ushbu yangicha imkoniyat va mas’uliyatni chuqur his etgan holda, saylov okruglarimizda mahalla tizimini yanada rivojlantirish, fuqarolarning hayotini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining farovonligini ta’minlash borasida faol ish olib boramiz. Zotan, mahalla — Yangi O‘zbekiston poydevoridir. Shu poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, yurtimiz taraqqiyoti ham shunchalik barqaror bo‘ladi.

 

Abdulla ASLONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?