Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 18-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi parlament diplomatiyasi — mintaqaviy taraqqiyotning yangi bosqichi

18.12.2025
88

Bugungi murakkab geosiyosiy va global iqtisodiy jarayonlar sharoitida an’anaviy diplomatiya bilan bir qatorda parlament diplomatiyasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim voqea bo‘ldi.

15–17 dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv parlamentlararo muloqotni institusional jihatdan rivojlantirish, o‘zaro ishonch va konstruktiv sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi. Ushbu format 2023 yilda Seul shahrida o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishdan boshlab barqaror va izchil rivojlanib kelmoqda. 2024 yilda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan ikkinchi yig‘ilish esa parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish va davlatlararo kelishuvlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Toshkentdagi uchinchi yig‘ilishda inson qadri, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi umuminsoniy qadriyatlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Global beqarorlik va iqlim o‘zgarishi sharoitida parlamentlar o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Koreya Respublikasining innovatsiya, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta amaliy ahamiyatga ega. Ayni paytda, mintaqaning iqtisodiy va inson salohiyati o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu jarayonda parlamentlararo diplomatiya davlatlararo munosabatlarning samarali qo‘shimcha mexanizmi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston uchun ushbu format Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. Parlament diplomatiyasini faollashtirish va mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shish mamlakatimiz ustuvor vazifalaridandir.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari qonunchilik sohasida tajriba almashish bilan birga, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uchinchi yig‘ilish yakunlari asosida erishilgan kelishuvlar mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

V.N. Pak
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?