Asosiy kontentga o‘tish
Juma 09-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Mintaqa iqtisodiy taraqqiyoti rivoji uchun muhim tashabbuslar

08.10.2026
201

Prezidentimiz Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro savdo va investisiyalarni ko‘paytirish, qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlarni shakllantirish, umumiy raqamli xizmatlar va investisiya mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi orqali mamlakatlarning imkoniyatlarini birlashtirib, tayyor mahsulotni birgalikda yaratish maqsadi ilgari surildi.

Transport-logistika sohasida ham yangi yondashuv zarurligi qayd etildi. Yangi transport yo‘laklari atrofida ishlab chiqarish korxonalari, logistika markazlari va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish orqali butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy faollik nuqtalarini yaratish taklif qilindi. Shuningdek, energetika, “yashil” taraqqiyot, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Zamonaviy texnologiyalar va inson kapitali ham mintaqaning kelajagi uchun ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi. Sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar asosida umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish, shuningdek, kelgusida talab yuqori bo‘ladigan kasb va kompetensiyalarni aniqlaydigan mintaqaviy atlas ishlab chiqish taklif etildi. Bu esa ta’lim va professional tayyorgarlikni iqtisodiyotning real ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, sammitda ilgari surilgan tashabbuslar Markaziy Osiyoni tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli va o‘zaro bog‘langan mintaqaga aylantirishga qaratilgan. Eng muhimi, hamkorlik endi faqat savdo munosabatlari bilan cheklanmay, birgalikda ishlab chiqarish, texnologiya, transport, energetika, ekologiya va kadrlar tayyorlash kabi strategik sohalarni qamrab olmoqda. Bu yondashuv xalqlar farovonligi va kelgusi avlodlar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?