Mirishkorda sanoat korxonasi aholi farovonligiga xizmat qilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Ishchi guruh dastlab Mirishkor tumani Elobod qishlog‘ida joylashgan “Mirishkor Ratex Tekstil” MCHJ faoliyatini o‘rgandi. 2021 yilda tashkil etilgan korxonada bugungi kunda 250 nafar mahalliy yoshning bandligi ta’minlangan. Korxonada paxta tolasini qayta ishlash va yigirishdan iborat to‘liq ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.
Tanishuv davomida ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar, yaratilgan ish o‘rinlari hamda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilinayotgani, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratilayotgani alohida e’tirof etildi.
— Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi — xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlash, sanoatni rivojlantirish va yoshlarni ish bilan ta’minlashdir, — dedi Aktam Xaitov. — Partiyamiz tomonidan chekka hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda ushbu korxona faoliyati hududiy iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.