Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 05-mart 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Fraksiya a’zolari muhim masalalarni muhokama qildilar

04.03.2026
40

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning shu yil 24-fevral kuni mamlakatimiz yoshlari bilan muloqotida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Deputatlar mazkur uchrashuv haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy imkoniyatlar kengaytirilayotganini alohida qayd etdilar. Xususan, qo‘shimcha mablag‘lar, katta miqdordagi imtiyozli kreditlar va startaplar uchun investitsiya kiritishga ruxsat berilishi yigit-qizlarimizni o‘z biznes g‘oyasini amalga oshirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladilar.

Har bir hududda yoshlar biznes inkubatorlari tashkil etilib, g‘oyadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan yo‘lda kompleks ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangani, buxgalteriya, marketing, bozorga chiqish va biznes rejalashtirish bo‘yicha amaliy yordamlar yosh tadbirkorlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi urg‘ulandi.

—Yoshlar bilan muloqotda ularning taklif va tashabbuslari diqqat bilan tinglangani, aytilgan muammolar joyida hal etilgani Yangi O‘zbekiston yoshlarining islohotlarga daxldorligi va xayrixohligini oshirdi, — dedi fraksiya a’zosi Adhambek Ismoilov. — Bu o‘z navbatida, yoshlarning bilimli, raqobatbardosh va iqtisodiy faol bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi. O‘zLiDeP ham yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsiya va tadbirkorlik orqali yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi, deb biladi. Zotan, yoshlar — mamlakatimiz taraqqiyotining eng ishonchli tayanchidir.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifining yakunlari muhokama qilinib, bu borada O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Fraksiya a’zolari ushbu tashrif aholiga yanada qulay sharoit yaratish va inson qadrini ulug‘lash yo‘lida unutilmas voqealarga boy bo‘lganligini, ayniqsa, belgilab berilgan aniq yo‘nalishlar hududni har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiy salohiyati yuqori, investitsiyaviy jozibador va aholisi farovon hududga aylantirishga muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladilar.

Shundan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda tashrif davomida ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish ustidan ta’sirchan deputat nazoratini ta’minlash, ushbu jarayonda yanada faol va tashabbuskor bo‘lish lozimligi urg‘ulandi.

Deputatlar joriy yilning 26-28-fevral kunlari fraksiya a’zolarining saylov okruglarida uchrashuvlarining yakunlarini ham ko‘rib chiqdilar.

Ma’lum qilinganidek, saylov okruglarida deputatlar tomonidan jami mingga yaqin uchrashuv tashkil etilib, 1324 ta xonadon, 816 ta MFY, 834 ta tadbirkorlik subyekti hamda 719 ta ijtimoiy soha obyektiga tashrif buyurilgan. Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilib, 1008 nafardan ortiq fuqaro qabuli tashkil etilgan.

—Xalq bilan yaqindan muloqot qilish maqsadida fevral oyining oxirgi haftasida saylov okruglarida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashdik, — dedi fraksiya a’zosi Odinaxon Otaxonova. —Uchrashuvlarimiz davomida eng avvalo, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ilgari surilgan qator tashabbuslarning ahamiyatini yigit-qizlarimizga yetkazdik. Shuningdek, aniqlangan ayrim masalalar mutasaddilar bilan birgalikda hal etildi.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?