Oltiariqlik 200 nafar fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat Kengashi tashabbusi bilan Oltiariq tumanidagi 2-son texnikumda “Salomatlik sari” aksiyasi tashkil etildi. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Aksiya davomida 200 nafarga yaqin fuqaro malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Fuqarolarga sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish hamda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabetni erta aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha fuqarolarga zarur yo‘llanmalar berilib, davolanish va sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Bunday tashabbuslar aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va inson salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.