Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 10-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ortga qaytmas islohotlar shiddati

09.01.2026
97

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari bilan birga, kelgusi rivojlanishning strategik istiqbollari belgilab berildi.

Xususan, o‘tgan ikki yilda kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga tushgani, yalpi ichki mahsulot hajmi 107,5 milliard dollardan 140 milliard dollarga yetgani, eksport hajmi 24,9 milliard dollardan 27,9 milliard dollarga, xorijiy investisiyalar hajmi esa 17,1 milliard dollardan 42 milliard dollarga oshganini alohida ta’kidlash joiz.

Ushbu dasturiy hujjatda 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgandi. Qisqa muddatda shiddat bilan amalga oshirilgan islohotlar tufayli bu marraga 2026 yilning o‘zida erishilishi, ya’ni YAIM hajmi 167 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Bunday natijalar hamda Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilgan mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni innovasion va texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozorini shakllantirish, ekologik muvozanatni ta’minlash hamda zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini barpo etish kabi oltita yo‘nalish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, ortga qaytmas islohotlar shiddati “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilash va 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarni ishlab chiqishni talab etmoqda.

Murojaatnomada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasi ta’kidlangan edi. Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat loyihasi ishlab chiqilib, uni aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirish maqsadida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta muddatga mo‘ljallangan rivojlanish yo‘lini yanada samarali davom ettirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan, amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga o‘zini daxldor bilgan har bir yurtdoshimiz ushbu hujjat muhokamasida faol ishtirok etadi.

Zafar XUDOYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?