Juma 02-May 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekiston – SHHT: partiyalararo muloqot kuchaymoqda

01.05.2025
79

Joriy yilning 22–27 aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida “Shanxay hamkorlik tashkilotini barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish – Shanxay ruhini namoyon qilish: siyosiy partiyalarning mas’uliyati va vazifalari” mavzusidagi siyosiy partiyalar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari ham ishtirok etdi.

Nufuzli anjumanga tashrifning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning partiyalararo aloqalarini yanada mustahkamlash, hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish va mamlakatimizdagi siyosiy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor etishdan iborat bo‘ldi.

Forumda SHHTga a’zo, kuzatuvchi va muloqotchi maqomga ega 20 dan ortiq davlatlardan 200 dan ziyod siyosiy partiya va parlament vakillari qatnashdi. O‘zbekiston delegatsiyasi keng qamrovli islohotlar, ochiq va pragmatik tashqi siyosat, inson qadrini yuksaltirish va fuqarolar manfaati yo‘lidagi harakatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlash joizki, delegatsiya tarkibida bo‘lgan O‘zLiDeP vakillari mazkur forumda partiyalararo munosabatlarni mustahkamlash, xalqaro siyosiy muloqot bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni o‘rtaga tashlashdi.

Tadbir doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuy hamda Chjeszyan provinsiyasi gubernatori Lyu Sze kabi nufuzli rasmiylar bilan muloqotlar o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, delegatsiyamizning Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya va Belarus davlatlari vakillari bilan ham o‘zaro fikr almashinuvlari qizg‘in kechdi.

Forum dasturiga ko‘ra, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ekologik masalalar, milliy qadriyatlarni muhofaza qilish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari SHHT siyosiy partiyalar forumi xalq diplomatiyasining muhim platformasi sifatida e’tirof etildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Xitoy tomoni ham O‘zbekistondan taklif etilgan delegatsiya a’zolariga katta e’tibor qaratgan holda ikki davlat o‘rtasidagi partiyalararo hamkorlik aloqalarni yanada kuchaytirish tarafdori ekanliklarini bildirdi. Bunday qiziqish, ta’kidlash kerakki, ushbu forumda ishtirok etgan boshqa davlatlar vakillarida ham kuzatildi.

Yana bir e’tiborli jihati, parlamentlararo va partiyalararo aloqalarni kuchaytirish maqsadida tadbirda qatnashgan delegatsiyalar bilan kelishilgan holda bir qator manfaatli takliflar ham o‘rtaga tashlandi. Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu anjuman nafaqat siyosiy partiyalar, balki parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi. Bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, ochiqlik va taraqqiyot sari tashlanayotgan dadil qadamlarimiz xalqaro maydonda munosib baholanayotganining yana bir bor tasdig‘i bo‘ldi, desak arziydi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?