Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 05-may 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekiston va Turkiya: partiyalararo muloqot strategik sheriklikni mustahkamlashning muhim omilidir

04.05.2026
108

2026 yil 4 may kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov hamda Turkiya Respublikasining “Buyuk birlik” partiyasi raisi Mustafo Destiji boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

​Ushbu tashrif so‘nggi yillarda barqaror ijobiy dinamika kasb etayotgan O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada mustahkamlash hamda partiyalararo muloqotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim voqelik bo‘ldi.

​Muzokaralar davomida joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga o‘ttiz yil to‘lishi alohida qayd etildi. Tomonlar o‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar an’anaviy aloqalardan o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan to‘laqonli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidlab o‘tildi.

​O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov Turkiya delegatsiyasini qutlar ekan, ikki mamlakat munosabatlari mustahkam tarixiy-madaniy va ma’naviy ildizlarga tayanishini ta’kidladi. Birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar bugungi kunda iqtisodiyot, investisiya, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olgan keng qamrovli strategik sheriklik formatida yangi mazmun bilan boyiyotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, Mustafo Destiji ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. U “Buyuk birlik” partiyasi milliy birlik, ijtimoiy adolat va ma’naviy qadriyatlarni asrash tamoyillariga tayangan holda, qardosh turkiy xalqlar bilan aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganligini qayd etib o‘tdi.

​Muloqot chog‘ida Turkiy davlatlar tashkilotining ko‘p tomonlama hamkorlik maydoni sifatidagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tuzilma so‘nggi yillarda institusional jihatdan mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, ilmiy-ta’lim va madaniy sohalarda o‘nlab aniq loyihalar bilan boyiyotgani e’tirof etildi.

​O‘zbekiston tomoni “Buyuk birlik” partiyasining turkiy xalqlar o‘rtasida yaqin hamkorlik g‘oyalarini ilgari surish va madaniy o‘zlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yuksak hurmat izhor etdi. Partiyalararo hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilish doirasida kelajakdagi asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi. Partiya qurilishi sohasida tajriba almashish, qo‘shma ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surish, ​yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ​xalqaro forumlar va ilmiy-ma’rifiy loyihalarda faol ishtirok etish shular jumlasidan.

​Ta’kidlanganidek, bunday hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barqaror hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

​Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyillari asosida manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Partiyalararo muloqot davlatlararo munosabatlarni to‘ldiruvchi muhim omil sifatida O‘zbekiston-Turkiya sherikligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.


O'zLiDeP Matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?