Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 07-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekistonning global tashabbuslari va Yangi Markaziy Osiyo istiqbollari

04.10.2025
52

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zlab, dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, xalqaro xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi. Davlatimiz rahbari BMTning xalqaro hamjamiyat uchun asosiy muloqot maydoni sifatida ahamiyatini qayd etib, uning Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish zarurligini ta’kidladi. Bu taklif rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini to‘liq himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimiz nutqida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jumladan, kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqarishi, ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, “yashil” energetika hamda sanoat infratuzilmasining rivojlanishi kabi natijalar alohida tilga olindi. Bu islohotlar inson qadrini yuksaltirish va Yangi O‘zbekiston konsepsiyasini amalga oshirishda muhim qadamlar sifatida baholandi.

Mintaqaviy siyosatga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda chegaralarning ochilishi, savdo va investisiya hajmining besh barobarga oshishi, yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilayotganini qayd etdi. U bu jarayonni “Yangi Markaziy Osiyo” shakllanishi sifatida baholab, mintaqaning xalqaro munosabatlarda alohida subekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz global xavfsizlik masalalarida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, Gʻazo va Ukrainadagi nizolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, terrorizmga qarshi kurash va qayta integratsiya masalalarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish tashabbuslarini ilgari surdi.

Iqlim o‘zgarishi va Orol muammosiga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar – Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonga cho‘l o‘simliklari ekilishi, Suvni tejash bo‘yicha Jahon forumini tashkil etish taklifini xalqaro hamjamiyat uchun dolzarb tashabbus sifatida namoyon etdi.

Yoshlarning global tinchlik jarayonlaridagi ishtiroki, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati mamlakatning madaniy va ma’naviy merosini targ‘ib qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining nutqi O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini yanada mustahkamlab, uni global va mintaqaviy siyosatda faol ishtirok etuvchi davlat sifatida namoyon etdi.

Abdullo Aslonov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?