Bank kartalaridan foydalanishda iqtisodiy samaradorlik va xavfsizlikni ta’minlash lozim
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, shu jumladan bank va FinTech (moliyaviy texnologiyalar) sohasida ham zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, oxirgi islohotlarga ko‘ra, iqtisodiyotni “sog‘lomlashtirish”, “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida aholi uchun muhim bo‘lgan ayrim to‘lovlar va operatsiyalar uchun naqd pul qabul qilinishi to‘xtatildi va ular faqat naqdsiz shaklda (bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali) amalga oshirilishi belgilandi.
Bu esa bank xizmatlaridan, xususan bank kartalaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda. Ma’lumki bugungi kunda bank kartalaridan foydalanish, ular orqali amalga oshirilayotgan har bir to‘lov haqida SMS-xabar yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bois, aksariyat moliyaviy operatsiyalar bank kartalari orqali amalga oshirilishi natijasida, SMS-xabarlar ham ko‘paygan. Mazkur holatda aholiga ko‘shimcha xarajatlar ham ortib borib, qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib qolmoqda. Boz ustiga, SMS-xabarlar narxlari ham tizimli ravishda oshirilmoqda. Masalan, oxirgi uch yilda SMS-xabarlarni narxi 2 barobarga oshirilgan (84,2 so‘mdan 168,4 sumgacha).
Bundan tashqari, SMS-xabarlar har doim ham o‘z vaqtida yetib kelmasligi va ma’lumot hajmining cheklangani hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash darajasi yuqori emasligi sababli samaradorligi pasaymoqda.
Sohadagi xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, banklar va to‘lov tizimlari faqat bitta xabarnoma tizimidan foydalanish amaliyotidan, jumladan SMS-xabarlardan voz kechish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda aholiga bank karlatalaridan foydalanganlik uchun SMS-xabar o‘rniga arzon yoki umuman tekin bo‘lgan bir nechta muqobil tizimlar – Push va In-App tizimi, messenjerga xabarlar yuborish, Email-xabarnomalar joriy etilmoqda.
Misol uchun Yevropa Ittifoqi faol Push va In-App tizimiga o‘tmoqda. Yevropa banklari (masalan, Revolut, N26, BNP Paribas) operatsiyalarni tasdiqlash va karta hisobotlari uchun deyarli to‘liq Push-bildirishnomalarga o‘tgan. Bu esa, SMS-xabarnomalardagi zaifliklari orqali kodlarni o‘g‘irlash holatlarining kamayishiga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikada messenjerlar orqali xabarlar yuborish ham ommalashgan.
Singapur esa, xavfsiz raqamli tokenlar (Soft Tokens) tizimini joriy etib, yuqori xavfli operatsiyalar uchun SMS-OTP (bir martalik parollar) dan voz kechish majburiyatini yukladi. Bu tizim uyali aloqaga bog‘lanmagan holda, bank ilovasi ichida generatsiya qilinadigan raqamli kalitlar orqali xabarnomalarni boshqarish imkoniyatini beradi.
Xorijiy mamlakatlardagi mazkur yangiliklar banklarning operasion xarajatlarini SMS-xabarnomalarga nisbatan 50–70 foizga kamayshiga olib kelmoqda.
Shu bois, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatimizda FinTech sohasini rivojlanishi va moliya bozorini raqamlashtirishning asosiy drayveriga aylanayotganiligini inobatga olib, “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida keng qamrovli o‘rganishlar olib bordi.
Partiya xorijiy mamlakatlarning ushbu yo‘nalishdagi ijobiy tajribasi asosida, bank kartalaridan foydalanishda aholi uchun qulay va mijozlar manfaatiga yo‘naltirilgan tizimni joriy etish taklifini ilgari suradi, jumladan:
– bank va to‘lov tizimi operatorlariga jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda SMS-xabarlarga muqobil bo‘lgan xorijiy mamlakatlardagi ijobiy tajribaga tayangan holda kiberxavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan xabarnoma tizimlarini joriy etish bo‘yicha majburiyatni yuklash;
– bank kartalarini faollashtirish va foydalanishda faqat bitta xabarnoma turidan foydalanish amaliyotidan voz kechish;
– bank kartasidagi moliyaviy transaksiyalarni monitoring qilish uchun xabarnomaning qaysi turidan foydalanishni iste’molchining o‘zini extiyoriga taqdim etish.
Kelgusida mazkur taklifarni qabul qilinishi mamlakatda ijtimoiy barqarorlik hamda aholida bank sohasiga va elektron to‘lov tizimlariga ishonch muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi
Axborot xizmati