Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 11-iyun 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP delegatsiyasi Dushanbe shahridagi xalqaro forumda ishtirok etdi

11.06.2026
90

Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida “Siyosiy partiyalar va hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida xalqaro siyosiy partiyalar forumi bo‘lib o‘tdi. Tojikiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda qator do‘st davlatlar siyosiy partiyalari vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi delegatsiyasi ham faol qatnashdi. Delegatsiyaga O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov boshchilik qildi. Partiya yetakchisi o‘z ma’ruzasida bugungi kunda siyosiy partiyalar nafaqat ichki siyosiy jarayonlarda, balki davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetgani, qo‘shma korxonalar va hududlararo aloqalar kengayib borayotgani buning amaliy ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.
O‘zLiDeP rahbari partiyalararo diplomatiyaning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar xalqlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. Ayniqsa, yoshlar, tadbirkorlar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma murojaatnoma qabul qilindi. Mazkur anjuman partiyalararo muloqotni kuchaytirish, mintaqada o‘zaro ishonch muhitini yanada mustahkamlash va qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?