O’zLiDeP deputatlari hududlarda “yashil iqtisodiyot” va energetika sohasidagi muammolarni o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari Oybek Yuldashev va Saydullo Azimov, mahalliy Kengash deputatlari hamda partiyaning Andijon viloyat Kengashi vakillari ishtirokida hududiy elektr tarmoqlari korxonasida yig‘ilish tashkil qilindi.
Tadbir O’zLiDePning “Inson uchun – xavfsiz va qulay muhit” dasturiy maqsadlari doirasida o‘tkazildi. Unda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, energetika sohasidagi islohotlar ijrosi va “yashil iqtisodiyot”ga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonlari muhokama qilindi.
Mutaxassislar elektr ta’minoti tizimida infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish hamda aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar tegishli idora va tashkilotlarga taqdim etilib, ularning ijrosi ustidan nazorat olib borilishi qayd etildi.