Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 14-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP deputatlariga agrosanoatni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi

12.12.2025
76

Bugun O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining “Hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda agrar sohani raqamlashtirish va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan 2,8 mln gektar qishloq xo‘jaligi yerlari raqamli kadastrdan o‘tkazildi, 1,1 mln gektar maydonda ekin turlari aniqlashtirildi va 300 ming gektar yerda hosildorlik ko‘rsatkichlari elektron reyestrga kiritildi. Bu fermer xo‘jaliklari uchun aniq hisob-kitob va teng raqobat sharoiti yaratishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Suv resurslarini tejash borasida ham natijalar sezilarli. Yil davomida 12 ming km irrigatsiya kanallarining holati baholandi va natijada 45% hududda suv yo‘qotilishi qisqartirildi. Suv tejamkor texnologiyalardan foydalanilayotgan maydonlar hajmi esa 510 ming gektarga yetdi.

Fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha import-eksport nazorati kuchaytirildi. Bu yil 180 mingdan ortiq fitosanitar sertifikat elektron shaklda rasmiylashtirildi, 12 ta yangi laboratoriya uskunalari o‘rnatildi va 70 dan ortiq zararkunandalar yo‘nalishi bo‘yicha monitoring olib borildi. Natijada eksport mahsulotlarining xalqaro talablarga mosligi 15% ga oshdi.

Bundan tashqari, paxta va g‘alla klasterlari bo‘yicha moliyaviy hisobdorlik kuchaydi. Joriy mavsumda 2,6 mln tonna g‘alla va 3,3 mln tonna xom ashyo paxta uchun aniqlashtirilgan baholash tizimi qo‘llanildi. Shuningdek, 1,4 trln so‘m subsidiya elektron tartibda ajratildi va uning 98% qismining maqsadli sarflanishi ta’minlandi. Veterinariya sohasida esa 12 mln bosh hayvon identifikatsiyasi yakunlandi, 42 ta laboratoriyada zamonaviy diagnostika uslublari joriy etildi.

Fraksiya a’zolari mamlakatimizda agrar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yer, suv, mahsulot sifati va moliyaviy hisobdorlikka doir barcha muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan to‘liq va izchil tizimni shakllantirayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, raqamlashtirish, aniq hisob-kitob, fitosanitar xavfsizlik va subsidiyalarni adolatli taqsimlash kabi choralar fermer xo‘jaliklari faoliyatini yengillashtirib, sifatli mahsulot yetishtirishga qulay sharoit yaratmoqda.

Ushbu jarayonlar natijasida sohada shaffoflik oshib, resurslar tejalmoqda, mahsulotlar eksporti kengaymoqda. Keng ko‘lamli yangilanishlar agrar tarmoqning milliy iqtisodiyotga hissasini mustahkamlanib, qishloq xo‘jaligida uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim asos yaratib bermoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?