O‘zLiDeP hududiy kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari izchil davom etmoqda
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan tuman (shahar) Kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosari — apparat rahbarlarining siyosiy va professional salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv kurslari izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Mazkur o‘quvlar partiya faoliyatini hududlarda yanada samarali tashkil etish, boshqaruv tizimida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, partiya tashkilotlari ishini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Respublikamizdagi barcha 208 ta tuman (shahar) Kengashlari apparat rahbarlarini qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 76 nafar ishtirokchi o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlab, belgilangan tartibda sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Ayni paytda mashg‘ulotlar tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida davom etmoqda. Darslar va amaliy seminarlar tajribali mutaxassislar, soha ekspertlari, partiya faoliyatida katta tajribaga ega amaliyotchilar ishtirokida olib borilmoqda. Ularda zamonaviy boshqaruv usullari, loyihaviy boshqaruv elementlari, hududiy partiya tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish, tashkiliy-kadrlar ishlarini takomillashtirish, jamoatchilik bilan ochiq va samarali muloqot o‘rnatish kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, o‘quvlar davomida partiya dasturiy maqsadlarini hududlarda targ‘ib qilish, elektorat bilan ishlashning innovasion usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda. Bu esa partiya tashkilotlarining ochiqligi, jamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur o‘quv kursi partiya kadrlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarga tizimli va professional yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘quv jarayonlarining izchil davom ettirilishi esa O‘zLiDePning hududlardagi faoliyatini yanada kuchaytirish, partiyaning elektorat bilan bog‘liq ishini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.