O'zLiDeP vakillari Turkiyada o‘tkazilgan ICAPP Ayollar qanotining 9-yig‘ilishida ishtirok etdi
Joriy yil 9–11 aprel kunlari Istanbul shahrida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP) Ayollar qanotining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari S. Muslimova va L. Rahimova ishtirok etishdi.
11 ta davlatdan tashrif buyurgan 13 ta yetakchi siyosiy partiya vakillari qatnashgan anjumanda “Global o‘zgarishlar davrida ayollar yetakchiligi” mavzusiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, tinchlikni asrash, global hamkorlikni mustahkamlash hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda xotin-qizlarning rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ishtirok etdi. U o‘z so‘zida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Anjuman doirasida O‘zLiDeP delegatsiyasi bir qator hamkor siyosiy partiyalar rahbarlari va mas’ul xodimlari bilan muloqotda bo‘lishdi. Xorijiy siyosiy tashkilotlar bilan samarali muloqotlar olib bordi. Jumladan, ICAPP Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining Tashqi aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, Turkiya Buyuk millat majlisi deputati Z.Sirakaya, shu partiyaning Turkiy davlatlar bilan aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Turkiya Buyuk millat majlisi deputati K.Zorlu, qolaversa, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya va bir qator boshqa davlatlar yetakchi siyosiy partiyalari xalqaro departamentlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Uchrashuvlar yakunida ayollar yetakchiligini rivojlantirish, bu borada tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Samarali o‘tgan mazkur tashrif partiyaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.