Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 01-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDePning bepul tibbiy ko‘rik aksiyasida 200 nafar sirdaryolik xotin-qizlar qatnashdi

20.10.2025
229

Sirdaryo viloyatida xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish va onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida O‘zLiDeP viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Salomatlik sari” loyihasi doirasida salomatlik aksiyasi o‘tkazildi. Tadbir “Millat salomatligi – yurt qudrati!” shiori ostida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali, uning Sirdaryo tumanlararo perinatal bo‘limida bo‘lib o‘tdi.

Aksiya doirasida 200 nafardan ortiq ayollar kolposkopiya usuli orqali skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, bachadon bo‘yni saraton kasalligi xavfi aniqlandi. Shuningdek, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va muntazam profilaktik ko‘rikdan o‘tishning ahamiyati haqida tushuntirishlar berildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulshana Xudoyorova va Gavhar Olimova, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi va Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova, partiyaning Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva hamda partiya faollari ishtirok etishdi.

– Bu kabi bepul tibbiy ko‘riklar nafaqat shaharlarda, balki chekka hududlarda ham amalga oshirilmoqda, – dedi deputat Gulshana Xudoyorova. – Loyihaning asosiy maqsadi — xotin-qizlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirishdan iborat. “Salomat ayol — sog‘lom oila, sog‘lom jamiyat” tamoyilini hayotga tatbiq etishda bunday tadbirlar beqiyos ahamiyatga ega.

Oliy toifali akusher-ginekolog Shohida Abdurazzoqova ham onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlashning ahamiyatini ta’kidlab, har bir ayol yiliga kamida bir marta profilaktik ko‘rikdan o‘tishi zarurligini qayd etdi.

Aksiyada ishtirok etgan mahalla faoli Nodira Qodirova o‘z taassurotlarini shunday bayon etdi:

– Ilgari shifokorga borish imkoniyatim yo‘q edi. Bugun bepul ko‘rikdan o‘tdim, maslahat oldim. Bu g‘amxo‘rlik biz ayollar uchun katta yordam bo‘ldi.

Bunday tadbirlar aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va onkologik kasalliklarni erta aniqlash orqali jamiyat salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?