O‘zLiDePning “Salomatlik sari” loyihasi doirasida “Yangi obod”lik Gulbahor Matchanovaga moliyaviy yordam va dori-darmonlar berildi
O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Salomatlik sari” loyihasi doirasida Urganch shahridagi “Syentr zdorovya” xususiy klinikasida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda “Shodlik”, “Al Xorazmiy” va “Gulshan” mahallalarida yashovchi 67 nafardan ortiq xotin-qizlar endokrinolog, terapevt, ginekolog, stomatolog kabi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida shifokorlar tomonidan ayollarga kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va ayniqsa, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, aksiya ishtirokchilari bunday bepul tibbiy xizmatlar ayollar salomatligini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Aksiya doirasida manzilli yordam ishlari ham amalga oshirildi. Jumladan, “Yangi obod” mahallasida yashovchi onkologik kasallik bilan kurashayotgan Gulbahor Matchanovaga moliyaviy yordam va dori-darmonlar yetkazib berildi. Shuningdek, “Gulshan” mahallasidagi Jamila Ro‘zmetovaga ham moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.