OʻzLiDeP: yoshlar tashabbuslari e’tirof etilmoqda
OʻzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Nukus yoshlar texnoparkida “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Unda partiya faollari va deputatlar yoshlarning startap loyihalari, innovasion ishlanmalari va tayyor prototiplari bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar o‘z g‘oyalari orqali zamonaviy tadbirkorlik muhitiga mos bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib, hududda innovasion ekotizim shakllanayotganini yana bir bor isbotladi.
Taqdim etilgan loyihalar orasida suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan “AQUA LOOP” startapi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Loyiha muallifi Bibinur Bazarbayeva tomonidan ishlab chiqilgan ushbu mexanizm idish yuvish, kir yuvish va dushdan chiqqan suvlarni yig‘ib, filtrdan o‘tkazgan holda hojatxona tizimiga yo‘naltirish orqali ichimlik suvini tejash imkonini beradi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu tizim elektr energiyasisiz ishlaydi va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbirda plastik chiqindilarni qayta ishlash asosida kreslolar ishlab chiqarish loyihasi ham taqdim etildi. Ushbu tashabbus nafaqat atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shadi, balki arzon va sifatli mebel ishlab chiqarish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini ham beradi.
Tadbir ishtirokchilari orasida Semyon Shuchkin tomonidan ishlab chiqilgan “STuDy” platformasi ham alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Mazkur platforma sun’iy intellekt asosida foydalanuvchining bilim darajasi, muloqot tili va ta’lim afzalliklarini hisobga olgan holda avtomatik tarzda individual o‘quv kurslarini shakllantiradi. Bu esa qisqa vaqt ichida samarali bilim olish va ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini yaratadi.
Tadbir davomida deputatlar yosh tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, grant dasturlari va amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Yoshlar esa o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Bugungi kunda OʻzLiDeP tomonidan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovasion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish va ularni iqtisodiy faollikka keng jalb etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
“Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi esa ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, yoshlarning intellektual salohiyati va tashabbuskorligini ro‘yobga chiqarishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.